Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saudiya Arabistoni bepul deb ko‘rsatayotgan umra vizasi narxi bizda qanday belgilanyapti?

Saudiya Arabistoni bepul deb ko‘rsatayotgan umra vizasi narxi bizda qanday belgilanyapti?

Foto:«Islom.uz»

Kamina chet ellarga ko‘p sayohat qilganim uchun yurtdoshlarimiz, ayniqsa haj va umrani niyat qilgan birodarlarimiz savolga tutishadi: «chet elliklar ham Saudiyaga borish uchun bizday yillab kutishadimi, yemay-kiymay yig‘ishadimi?» Yo‘q, bizchalik emas. Aksar chet elliklar sayohatni, ko‘rmagan joylarini ko‘rishni juda yaxshi ko‘radi, ammo biror sabab bilan Saudiyaga bora olmasa, Dubayga, Istambulga, Kuala Lumpurga va undan nariga boradi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Qirolligi, Haj vazirligi umra va haj ziyoratlarini tashkil etishni maxsus litsenziyasi bor agentlik va firmalarga ishonib topshirgan. Aslida haj va umra vizasi bepuldir. Savol so‘rayman deb Saudiyaning Toshkentdagi elchixonasiga telefon qilsangiz, nuqul avtoovozga tushasiz. Haj vazirligi veb-sayti esa mana bu yerda.

Keling, hozir juda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan umra ziyoratiga borish xususida gaplashaylik. O‘tgan hafta rasmiy manbalarga suyanib, bu ishni tashkillashtirish hozircha turoperatorlarga o‘tkazilmaydi, deb yozdi «Kun.uz».

Ammo «Daryo.uz»da «Alfa Tour»ning umraga taklif etayotgani haqida xabar chiqdi.

Savol: Agar turfirmalarga ruxsat tekkan bo‘lsa, nega ko‘pchilik kutib turgan bunday muhim ma’lumotni rasmiy doiralar e’lon qilmayapti? Bu tur agentlik ma’lumotiga ishonsa bo‘ladimi? Agentlikka qo‘ng‘iroq qilib so‘radik: barcha xizmatlar uchun oldindan to‘lovni amalga oshirish lozim ekan. Xo‘sh, turistik agentliklarga umraga yuborish uchun ruxsat tegdimi?

Endi turagentlik va yo din ishlari qo‘mitasi yozayotgan, taklif etayotgan umra xizmatlariga boqaylik. Odatda, safarga chiqayotgan odam uchta muhim narsaga e’tibor qaratadi: viza, bilet va mehmonxona/turarjoy.

Borib-kelish bileti – taxminan 6,5-7 million so‘m (770-830 dollar). Saudiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys har kuni uchyapti. Turfirmalar orqali ketilsa, «Havo yo‘llari» uchoqlarida borsa bo‘ladimi? Dubay, Dehli yo Istambul orqali ham chipta narxidagi farq juda katta emas, hatto ba’zan arzonroq.

Viza – hukumat viza xarajati deganda nimani nazarda tutayotganikin? Ammo turistik agentlik va umraga borishga yordam bermoqchi bo‘lgan «ucharlar» viza uchun taxminan 500-600 dollar so‘ramoqda (viza xizmati va yo viza uchun bunday narx dunyoning hech bir mamlakatida mavjud emas!). Saudiya vizani bepul deyapti, ammo turagentliklar yoki hukumat qanday viza xizmati yo hujjati uchun pul olayotgani negadir shaffof emas. Masalan, kompyuterda ishlashni, tegishli tilni biladigan odam viza anketasini bemalol o‘zi to‘ldira oladi. Anketa to‘ldirib jo‘natish va tasdiqlangan vizani egasiga jo‘natish uchun shuncha pul olinyaptimi?

Savol: Saudiya Arabistoni bepul deb ko‘rsatayotgan umra vizasi va yo viza xizmati uchun narx bizda qanday belgilanyapti?

Mehmonxona/turarjoy: Hukumat va turfirmalar negadir hashamatli turarjoy taklif etyapti. Saudiyada hamma mehmonxonalar uch, to‘rt yo besh yulduzlimi? Oddiyroq, arzonroq hostelda tursa bo‘lmaydimi? Menimcha, niyat-maqsad chin dildan ibodat va hokisorlik ila muqaddas joylarni ziyorat qilish bo‘lsa yaxshi, yulduzli mehmonxonada rohatlanish emas.

Va yo oddiy ziyoratchiga o‘zbek oshpazlari tayyorlagan taomlar, 24 soatlik bepul tibbiy xizmat, mamlakatimiz ramzlari tushirilgan maxsus libos, ibodat qo‘llanmasi, beyjik, zamonaviy transportning qanchalik keragi bor?

Tibbiy sug‘urta polisini olish juda oson, nari borsa ikki haftalik tur uchun 50 dollar pul to‘laysiz. Ziyoratga borgan joyingizda o‘sha yurt halol taomlaridan tatib ko‘rish qiziqroq emasmi? Va yo hozir zamonaviy bo‘lmagan qanday transport bor? Yengil «Folksvagen» yo «BMW»mas, oddiy avtobus va arzonroq taksi xizmatidan foydalansa nega bo‘lmaydi? Ziyoratga maxsus ramz tushirilgan maxsus libosda emas, aytaylik, o‘zimizning paxtadan tayyorlangan toza liboslar, odmigina oppoq futbolkalarimizni kiysa bo‘lmasmi, yo o‘zbekligimizni albatta ramzlar orqali ko‘rsatib yurishimiz zarurmi?

Sayohat qilish tajribasiga ega yurtdoshlarimiz ellikboshi yo yuzboshisiz mustaqil ravishda oila a’zolari, do‘stlari bilan ziyoratga otlanishiga ruxsat berilsa, bir haftalik ziyorat-ibodatga borish xarajati yanada qisqargan va ko‘pchilik uchun ancha yengillik bo‘lgan bo‘lardi.

Xullas, bu mavzuga qiziqqan yurtdoshlarimiz uzunquloq gaplarga emas, falon telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib va yo ma’lumot markaziga borib, aniq-tiniq ma’lumot ola bilishlarini, yordam taklif etayotgan ayrim ustakorlar tuzog‘iga tushib qolmasliklarini judayam istayman. O‘zbekcha tagma’noli «gaplashamiz» va yo falon kishi bilan «kelishib ko‘ring» degan narsalarga, ro‘yxatda oldinroqda turgan birodari ustidan ilgariroqqa sakrab o‘tishga hecham yo‘l qo‘ymaslik va yo sharoit yaratib bermaslik zarur. Mana bunday ma’lumotlar esa tez-tez yangilanib turishi keng jamoatchilikka foydalidir.

Duolarimizga esa «hajga borish nasib qilsin» degan ezgu niyat qatorida Alloh yaratgan boshqa ellarga ham ziyorat va sayohatga borishni qo‘shsak a’lo ish bo‘lardi! Zero, Yaratganning barcha mulki juda go‘zal, Uning O‘zi esa naqadar Mehribon: qandaydir sabablar bilan haj va yo umraga borolmasak ham, bizni kechirishga Qodir! Ota-onamiz, jigarlarimiz, oilamiz, do‘st-u begonaga mehr berishni, silai rahmni, qo‘ni-qo‘shnilar, qiynalib turganlar, bemorlarimizdan xabar olishni unutmadikmi, shoyad chin mo‘min bo‘lsak ajabmas. Kelayotgan Ramazoni sharif muborak bo‘lsin!

A’zam Obidov
Manba: «Azon.uz»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring