Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Budapeshtdagi onkologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha xalqaro konferetsiyada ishtirok etmoqda

O‘zbekiston Budapeshtdagi onkologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha xalqaro konferetsiyada ishtirok etmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

O‘zbekiston delegatsiyasi Budapesht shahrida Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining onkologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha xalqaro konferetsiyada ishtirok etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo 53 davlat orasida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda onkologik xizmat holati va rivojlantirish istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazdi. Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda 96 mingdan ziyod bemorlar onkologik xastalik bilan ro‘yxatga olingan.

So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik onkologlarning faol sa’y-harakatlari tufayli sohada eng nufuzli sanalgan ESMO, ASCO kabi xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. 2017-2018 yillarda 100 dan ziyod mutaxassislarimiz Rossiya, AQSh, Koreya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Belorus kabi mamlakatlarning nufuzli klinikalarida davlat hisobidan malaka oshirishdi. So‘nggi ikki yil ichida kimyoviy preparatlar bilan ta’minlash ham sezilarli darajada yaxshilanib, 85-90 foizgacha yetdi. Markaz tomonidan video-laparoskopik jarrohlik majmuasi sotib olingandan so‘ng, respublikada birinchi marta video-laparoskopik nefrektomiya, trombektomiyali nefrektomiya va buyrak rezeksiyasi kabi yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkaziladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Lide Lazer O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha majburiyatlarni va sog‘liqni saqlash xizmati bilan butun mamlakatni qamrab olish yo‘nalishidagi vazifalarni bajarishdagi yutuqlarini yuqori baholadi.

– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Olib borilayotgan ushbu o‘zgarishlar ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi, – dedi, jumladan, Lide Lazer. – 2019 — 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda JSST mutaxassislarining tavsiyalari e’tiborga olinib, qabul qilinishi chindan ham tarixiy voqeadir. Ishonchim komilki, tizimni rivojlantirish uchun butunlay yangi konsepsiyani joriy etilishi aholi salomatligini samarali himoya qilishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Zero, tibbiyotni isloh qilishning mazkur yetti yillik rivojlanish konsepsiyasini amalga oshirish sifatli tibbiy xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish, O‘zbekiston aholisining salomatligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyoda onkologik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyani imzoladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring