Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tkir jurnalistlarga amal berilib «ovozi o‘chirilgandi». Tursunali Akbarov kechagi va bugungi jurnalistika haqida (video)

O‘tkir jurnalistlarga amal berilib «ovozi o‘chirilgandi». Tursunali Akbarov kechagi va bugungi jurnalistika haqida (video)

Xabar.uz axborot-tahliliy portali huquq va murojaatlar bo‘limi muharriri, «Yilning eng faol jurnalisti – 2020» respublika tanlovi g‘olibi Tursunali Akbarov hali feleton janri matbuot yuzini tark etmagan va senzura «tig‘i» o‘tkir bo‘lgan davrlar haqidagi mulohazalari bilan bo‘lishdi.

— O‘sha vaqtlarda Konstitutsiyada senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi rasman, keltirib o‘tilgan bo‘lsa-da, senzura bor edi. «Matbuotchilar uyi»ning uchinchi qavatida «LID» deb atalgan bo‘lim bo‘lgan. Bu rasman davlat sirlarini saqlash inspeksiyasi edi. Ammo, amalda senzura vazifasini o‘tagan, – deya xotirlaydi jurnalist. – Ana shu idoraning muhri bosilmasa, nashriyotlar gazetani qabul qilmagan. Jurnalistlar bir maqola yozishdan avval, «buni senzura o‘tkazarmikan», degan xavotir bilan kun o‘tkazishgan. Jurnalistlar senzuraning chig‘irig‘idan o‘taverib, o‘z fikrini aytish uchun turli uslublardan foydalangan. Bu narsa xohlaysizmi, yo‘qmi jurnalistlarning qalamini charxlagan. Chunki matn ustida qattiq ishlanardi. Misol uchun, o‘sha vaqtdagi «Adabiyot va san’at» gazetasi madaniyat va san’atga ixtisoslashgan nashr bo‘lishiga qaramay, ancha jiddiy ijtimoiy mavzularni ham ko‘tarib chiqqan edi. Hozir esa, jurnalistlarimizda matn ancha sayoz.

Jurnalistning aytishicha, 1990 — 2000 yillarda jurnalistlar himoyasi ancha sust bo‘lgan. Ularga tuhmat uyushtirish, mashinalarga narkotik tashlab qo‘yish kabi hodisalar bo‘lgan. O‘sha vaqtlarda tuman hokimi yoki tuman darajasidagi huquq organlari rahbarlarini ham tanqid qilish katta ish edi. Ammo, tanqid qilingan amaldorga nisbatan, albatta, chora ko‘rilardi.

O‘zbekiston mustaqilligining ilk o‘n yilligida o‘zbek jurnalistikasi o‘ziga xos davrni bosib o‘tdi. Unda qalami charxlangan, har bir so‘zning katta mas’uliyatini his eta olgan jurnalistlar maktabi vujudga keldi. Tursunali Akbarov o‘z intervyusida bugun yo‘qolib ulgurgan janrlar, mahorat maktablari, senzura va tuhmatga qolgan jurnalistlar hamda 1990 — 1999 yillardagi tanqidning kuchi haqida ham so‘z yuritdi.

Tursunali Akbarov mustaqil O‘zbekistonning birinchi mustaqil gazetasi «Hurriyat»ning dastlabki davrlarida faoliyat olib borgan jurnalistlardan biri. U o‘sha «Hurriyat»ni ham yodga oladi.

Quyidagi videoda suhbatni to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring