Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi

Foto: Senat axborot xizmati

Senatorlar davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini o‘rganish holati yuzasidan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 6-fevral kuni taqdim etilgan so‘rovga berilgan javobga muvofiq parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda batafsil ko‘rib chiqilganligi ta’kidlandi.

Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar ijrosini to‘laqonli ta’minlash, mazkur xizmatda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, Majburiy ijro byurosi va boshqa davlat organlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish borasida mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi.

Biroq amalga oshirilgan ishlar bilan birga parlament so‘rovida ko‘tarilgan ba’zi masalalarning ijrosi to‘liq ta’minlanmaganligi oqibatida sohada ayrim tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, chegara bojxona postlari yaqinida avtotransport vositalari bilan bog‘liq tirbandliklarning oldini olish, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqilmagan.

Majlisda bu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi. Jumladan, 2020-yilning 15-apreliga qadar chegara bojxona postlari yaqinida jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Uch oy muddatda mamlakatimizdagi chegara bojxona postlarida kecha-yu kunduz valyuta ayirboshlash, pul mablag‘larini naqd pulga almashtirish, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish terminallarini o‘rnatish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosarini – Bola huquqlari bo‘yicha vakilni saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga o‘zgartishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqdilar. Bu masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida 18 ta masala, shu jumladan 9 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Senatorlar tomonidan ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari jamiyat hayotining barcha sohalarida huquqiy asoslarni mustahkamlashga hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar va islohotlar samaradorligini oshirishga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring