Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zgidromet» oktyabr oyi uchun ob-havo ma’lumotini e’lon qildi

«O‘zgidromet» oktyabr oyi uchun ob-havo ma’lumotini e’lon qildi

Foto:«Xabar.uz»

«O‘zgidromet» boshlanayotgan oktyabr oyida kutiladigan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi. 

Bu yil ham, odatda O‘zbekistonda kuzatiladigandek, mamlakatimiz hududining katta qismida ob-havo asosan quruq va kam bulutli, kuchsiz shamolli bo‘ldi. Tog‘oldi va tog‘li tumanlarda 2-3 marta asosan kuchsiz va o‘rtacha jadallikdagi qisqa muddatli yomg‘irlar kuzatildi.

Sentyabr oyining birinchi yarmi issiq bo‘lib, harorat 27-30 daraja, oyning birinchi kunlarida 32-35 darajagacha ko‘tarildi. Oyning ikkinchi yarmi esa odatdagidan salqinroq bo‘ldi.

Oktyabr oyi quruq ob-havo bilan boshlanmoqda.

1-5-oktyabr kunlari butun respublika bo‘yicha ob-havoning kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Shamol asosan sharqiy yo‘nalishda esadi va kuchsizdan o‘rtachagacha o‘zgarishi mumkin. Harorat kechasi 5-10 daraja, shimolda 2-7 daraja iliq, kunduzi 20-25 daraja bo‘ladi.

Umuman oktyabr oyi ham harorat rejimi, ham yog‘inlar miqdori bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda, biroq ayrim joylarda yog‘ingarchilik me’yordan ortiq bo‘lishi mumkin.

Iqlimiy me’yorlarga ko‘ra, oktyabrda O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida 3 dan 5 gacha, qolgan hududlarda 5 dan 7 gacha yog‘ingarchilikli kunlar bo‘ladi. Yog‘inlar asosan yomg‘ir ko‘rinishida, harorat keskin soviganda yomg‘irning qorga qisqa muddatli o‘tishi ehtimoli bor. Toshkentda so‘nggi marta 2018-yilda yomg‘irning qorga o‘tishi qayd etilgan.

O‘rtacha ko‘p yillik tungi harorat 6-11 daraja iliqni tashkil qilsada, biroq ko‘pincha oktyabrda, ayniqsa uning ikkinchi yarmida, ilk kuzgi ayoz kuzatiladi.

Oktyabrda kunduzgi harorat 23-28 darajadan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.

Albatta, tabiat «o‘zini ko‘rsatadi» va ba’zan amaldagi harorat va yog‘inlar miqdori ko‘p yillik davr uchun o‘rtachalashtirilgan qiymatlardan ancha farq qilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring