Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega negativ fikrlar ko‘p?

Nega negativ fikrlar ko‘p?

E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, keyingi paytda jamiyatda negativ fikrlaydigan, har bir jarayonga salbiy yondashadiganlar ko‘payib ketdi. Hamma emas, albatta, biroq oddiy aholi orasida bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Agar ijtimoiy tarmoqni kuzatsangiz, oh-vohlar, g‘iybat, fisqu fujurga duch kelasiz. Buning oqibati shunga taqaladiki, negativ fikrlash tuppa-tuzuk insonlarga ham «yuqadi». Har tomonlama to‘kis yashayotgan odamlar-da ko‘pchilik ta’sirida norozi, noshukur insonlarga aylanishi mumkin. Xo‘sh, bu jarayonni ruhshunoslar qanday izohlaydi?

 Mahmud Yo‘ldoshev, psixologiya fanlari nomzodi:

– Inson borki, u tug‘ilgandan dunyoga va atrofga qarab yashaydi va bu hozirgi va, hatto bir necha kunlik kayfiyatini belgilaydi. Voqea-hodisalar inson kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilsa, u bir necha kun ko‘tarinki kayfiyatda yurishi mumkin. Ruhiyatiga ta’sir qilgan kuchlar salbiy bo‘lsa, talay kun tushkun yuradi. Voqea-hodisalarning ko‘pligi va turli-tumanligini inobatga olsak, inson kayfiyati o‘ta o‘zgaruvchan. Hissiyotliroq odamlarning, ayniqsa, ijodkorlarning kayfiyati tez-tez o‘zgarib turadi.

Odamlar va jamiyatning kayfiyatini ifodalovchi birgina misol keltiraman. Ma’lumki, suitsid yangilik emas, bu har qanday jamiyatda yuz berib turadigan hodisa. Biz tinch va osoyishta umr kechirayotgan yillar davomida, oyma-oy, haftama-hafta, hatto kundan-kunga va soatma-soat qancha suitsid yuz berishini aniq bashorat qilishimiz mumkin. Masalan, suitsidning ko‘payishi va kamayishi yilning yoz, qish, ayniqsa, bahor fasli bilan bog‘liqligini olaylik. Bahorda suitsid ko‘paysa, mamlakatning tinch-osoyishta davrida kamayadi, agar ulkan voqealar ro‘y berishi kutilayotgan bo‘lsa ko‘payadi va o‘sha katta voqealar boshlanishi bilan kamayadi.

Jamiyatimiz bugun qanday kayfiyatda degan savol qo‘yilar ekan, odatda men savolga savol bilan javob beraman: jamiyatimizni qanday o‘zgarishlar kutmoqda, biz nimalarni orzu qilyapmizu bu yo‘lda qanday to‘siqlar bor? Bu to‘siqlarni jamiyatimiz yengib yoki qiyinchilik bilan bosib o‘ta oladimi? Mana shu omillarga qarab, xalqimizning bugungi umumiy kayfiyatini ifodalash, hatto kelgusida bizni nimalar kutishini qisman aytib berish ham mumkin.

Bugun aholi o‘rtasida ko‘tarinki kayfiyatni sezish qiyinlashib bormoqda. Hatto og‘ir o‘tib ketgan qishdan so‘ng fasllar kelinchagi yaxshi belgilar bilan kirib kelgan bo‘lsa-da, odamlarning umumiy kayfiyatini unchalik ko‘tarmadi. Tushkun kayfiyat esa hech kimga yaxshilik keltirmaydi, buni mumkin qadar yaxshi amallar bilan amalga oshirishimiz kerak. Tushkun odamning, eng avvalo, ishida baraka bo‘lmasligi, sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishini unumaylik.

Biz o‘z oldimizga yangi va olamshumul maqsadlar qo‘yib, ularga erishish ustida jonbozlik qilyapmiz. Demak, kayfiyatni tushirmasligimiz, imkon topib har birimizning kayfiyatimizni ko‘taradigan omillar topishimiz, yorqin kelajakka ishonib olg‘a qadam qo‘yishimiz zarur.

Baxtiniso Azimboyeva, shifokor-ruhshunos:

– Bugun sharh va izohlarda negativlar ko‘paygan. Menimcha, bugun, birinchidan, negativ informatsiyalar keng tarqalyapti. Bunday axborotlarning ruhiy hissiy to‘lqini odamlarga ta’sir qiladi. Masalan, oldin TVda qandaydir qayg‘uli narsalarni ko‘rsatishmasdi. Hozir esa internetda qandaydir xunuk, ko‘rsang g‘ashing keladigan narsalarni qo‘yishyapti. Odamlar ularni ko‘rib, o‘zlari bilmagan holda o‘sha holatlarning negativ to‘lqiniga tushib qolishyapti. To‘lqinlar odamga juda tez ta’sir qilish kuchiga ega. Mana, siz menga savol beryapsiz va javoblarimni butun tanangiz bilan eshityapsiz, xulosa chiqaryapsiz. Xuddi shu tarzda negativ to‘lqinlarning chastotasi bor, u gerslarda o‘lchanadi.

Men o‘zimga murojaat qiladiganlarga instagramni ko‘rmaydigan bo‘lsang qabulimga kel, deyman. Instagram – tomosha maydoni. O‘z ustingda ishlayman desang, vaqt ajratishing, instagramni yig‘ishtirishing kerak. Masalan, kitob o‘qish, jismoniy mashqlar qilish zarur. Uyga ham mehr kerak, uyda ham qandaydir parvarish kerak. Instagramda esa o‘ziga jalb qilish uchun kuchli ruhiy hissiyotni ifodalashadi va boshqalar uning ta’siriga tushib qoladi. Deylik, molini sotish uchun har xil «upakovka»lar, yaltir-yultirlar tayyorlashadi, odamlarga kerakmi-yo‘qmi, bu qiziqtirmaydi.

E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, bugun emotsiyaga ta’sir qiladigan qayg‘uli narsalar tarqaldi. Pozitiv, masalan, birovning yutug‘idan quvonish, tan olish yo‘q darajada. Negativ yozayotganlar hayotda biror narsaga erisholmayotganlar aslida. Deylik, ularga okeanda suzish o‘rgatilgan bo‘lsa, qaysi tomonga suzishni bilishmayapti. Bu iqtisodiy hayotga ham borib taqaladi. Masalan, bolasiga o‘qigin desa, ayrim o‘qimaganlar ish topolmay o‘tiribdi. O‘qima desa, ba’zi joyda diplom kerak bo‘lyapti. Oila qurib, sabr qilib o‘tir deb bo‘lmaydi, erkak oilasini boqish uchun qayoqlargadir ketib qolyapti. Ro‘zg‘orni butlab qo‘ymagach, o‘zini oila boshlig‘i deya olmaydi-da. Ayollar esa erkaklar mas’uliyatini bo‘yniga olishga majbur bo‘lishyapti. Xullas, yashab qolish, «o‘zining jonini saqlash» jarayoni ketyapti.

Negativlik ko‘proq bilimsizlik, dangasalikdan bo‘lyapti. Ular o‘qishni xohlamaydi. Yengil hayotga intiladi. Pulim bo‘lsa, baxtli bo‘laman, deb o‘ylaydi. Aslida, baxtli bo‘lishni o‘rgansa, pul kelishini bilmaydi. Yuqorida aytganimdek, internetda axborot nihoyatda ko‘pligidan inson miyasi qabul qilishida zo‘riqish yuz bermoqda, qaysi to‘g‘ri, qaysi noto‘g‘ri ekanligini bilishga ulgurishmayapti. Hali besh-o‘n yil shunday bo‘ladi, chunki hozir saralanish davridamiz.

Mahmud Ergeshov, psixolog:

– Bugun odamlar orasida egoizm (o‘zim bo‘lay, kibr)ga berilish kuchaygan. Odamlar xatolarini anglash o‘rniga noto‘g‘ri tushunishadi va tan olishadi.

Bizga berilayotgan bilim kimdan, qayerdan yoki qanday qilib kelayotganiga qiziqish – shaxsiy muhimlik tuyg‘usiga asoslangan. Qay birimiz, aytaylik, yosh bolaning gaplarini jiddiy qabul qilamiz? Hatto uning gaplari to‘g‘ri ekanini tasdiqlovchi vaziyatlarga duch kelsak ham, «mushtdek bola» hayotni bizdan ko‘ra to‘g‘riroq baholaganini tan olishimiz qiyin.

Bu holat ota-ona va farzandlar o‘rtasida turli ziddiyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Ota-ona o‘z hayotiy tajribasi va hayotga moslashib ulgurgan tushunchalariga asoslanib farzandiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Farzand esa shakllanib borayotgan shaxsiyati qarorlariga o‘zgalar xohishi aralashishiga qarshilik qilishga moyil.

O‘smirlik davri – odamdagi shaxsiy muhimlik tuyg‘usi eng gullab-yashnagan muddat. Ustozlar aytganidek, bu yoshda bolaga bitta gap kam, ikkitasi ortiqcha! Bu yoshda odam o‘zini o‘rab turgan dunyoda qanday bo‘lmasin o‘rni borligini bilish ehtiyoji bilan yashaydi. O‘smirning kattalar hayotiga kirib borish, u yerda o‘zgalardan kam bo‘lmaslik harakati kuchayadi.

Ammo ulg‘ayib ulgurgan odamlarda ham shaxsiy muhimlik tuyg‘usi kuchli bo‘lishi mumkin. Bunga, odatda, quyidagi holatlar sabab bo‘ladi:

Birinchisi – inson hayotida erishgan yutuqlar. Agar kimdir shu paytgacha ko‘plab cho‘qqilarni zabt etgan bo‘lsa, o‘zini muhim shaxs deb hisoblashi mumkin. Unda erishgan yutuqlari shaxsiyatining mevasi ekanligi haqida asossiz ishonch hosil bo‘ladi. Eng kulgili holat – kishi o‘zi amalga oshirgan ishlarni yutuq deb hisoblashidir. Bunda u o‘zi va atrofdagilarga kam foyda keltirgan ishlarni yutuq sanab, ularga (va natijada ularning bajaruvchisi – o‘ziga) ortiqcha baho berib yuboradi. Biz erishgan har qanday yutuqda o‘zgalarning ham hissasi borligini unutmaslik zarur. Kamida sizni o‘z maqsadlari yo‘lida tirishqoq va topqir qilib tarbiyalagan ota-onangiz mehnatlarini eslang. Shunda shaxsiy muhimlik tuyg‘ungiz bir oz bosiladi.

Ikkinchi sabab – ortiqcha mas’uliyat. Agar atrofdagilar sizga ko‘plab mas’uliyat yuklasa, o‘zingizni judayam kerakli odam deb o‘ylab qolishingiz mumkin. Oilada xotin barcha qarorlarni qabul qilishni to‘lig‘icha eriga topshirsa, erkak o‘zini o‘ta muhim hisoblab yuboradi. U aralashmasa, hech bir ish bitmaydigan, aytmasa – hech kim hech nima qilmaydigandek tuyulaveradi. Ko‘p narsa va ko‘pchilik uchun javobgarlik hissi o‘ta kuchli rivojlangan odam – haqiqiy g‘alvaning uyasi. U ko‘pchilik nomidan qaror qabul qilishni va bu qarorini hammaga majburan o‘tkazishni o‘ziga odat qilib oladi.

Siz – xatti-harakatlaringiz va o‘y-fikrlaringizdan boshqa hech narsaga javobgar emassiz. Agar o‘zingizni kimnidir baxtli qilishga javobgarman deb bilsangiz – buni unuting. Tangri bir bandasining baxtini boshqasining qo‘liga berib qo‘ymaydi. Siz farzandlaringiz tarbiyasi uchun mas’ulsiz, ammo ularning o‘rniga qaror qabul qilishga javobgar emassiz. Shaxsiy muhimlik tuyg‘usi siz va yaqinlaringiz hayotini zaharlashiga yo‘l qo‘ymang.

Guli To‘rayeva, klinik psixolog:

– Inson har qanday voqea-hodisaga salbiy yoki ijobiy munosabat bildirishi tabiiy. Lekin negativ fikrlovchilarning ko‘payishi – tahlil va tafakkur qilib ko‘rish kerak bo‘lgan ruhiy jarayon. Fikrlar – bizning ruhiyatimizdagi  his-tuyg‘ularimizning aks ifodasidir.

Aql, qalb, tana uyg‘unligi bo‘lgan insonning ruhiyati sog‘lomdir. Nosog‘lom ruhiyat, qalbi xastalikning sabablarini ko‘rib chiqamiz. Ruhiyatimizga aqlimiz va tanamizning holati ta’sir qiladi. Aql va tana ma’naviy va moddiy ozuqa oladi. Hozirgi  kunda informatsiya juda ko‘p. Talay ma’lumotlarni tahlilu tafakkur qilishga ulgurmaymiz, oshqozonda hazm bo‘lmagan ovqat misoli. Ilm bor, amal yo‘q.

Unutmang, charchoqlar, stresslar tanada qon aylanishi va kislorod ta’minotini buzadi va ruhiyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Biz tirik biologik mavjudotmiz. Ekologik toza mahsulotlardan uzoqlashib qayta ishlov berilgan, sun’iy ozuqalar ratsionimizni egallamoqda. Bu qon muhiti, gomeostazga putur yetkazadi. Natijada tana oziqlanishi buziladi. Miyada kislorod tanqisligi kelib chiqadi. Tana holati ruhiyatimizga salbiy ta’sir qiladi. Sog‘ tanda – sog‘lom aql.

Xulosa qilib aytganda, aql shoshib kelajakka ketgan yoki o‘tmish stress xotiralari bilan band. Tana aqlga bo‘ysunmay, kasalliklar bilan og‘riydi. Natijada aql, tana, qalb uyg‘unligi buzilib, ruhiyat nosog‘lom bo‘ladi. Bunday inson doimo negativ tomonlarni ko‘radi, chunki uning qalbi xasta, ruhiy xotirjam emas.

Hayot shunday tuzilgan: oq va qora, kecha va kunduz, qish va yoz. Agar bizning ruhiyatimiz sog‘lom bo‘lsa, oyning o‘n beshi yorug‘ ekaniga e’tibor qaratamiz. Umrimizning qishi o‘tib, albatta bahori kelishiga, hayotimizdagi har bir yomonlik ortidan yaxshilik tashrif buyurishiga ishonamiz.

Agar siz hayotning yorqin taraflarini ko‘ra olmay qolgan bo‘lsangiz, tafakkuringizni salbiy tuyg‘ular egallagan bo‘lsa, to‘xtang!!! O‘zingizni isloh qilish vaqti kelibdi.

Inson aqli tafakkur uchun berilgan. Deylik, siz ovqatlanayotgan chog‘da aqlingiz qaysidir xafagarchilik yoki ertangi ishlar bilan band bo‘lsa, taomning mazasi, hidini sezasizmi? Hazm fermentlari to‘g‘ri ajralib, ozuqangizni parchalab, hujayralaringizga yetib boryaptimi?!.

Siz ayni damda va shu yerda yashayapsiz! Baxtni izlayotgandirsiz balki, ehtimol, u shundoq yoningizdadir? Ilm olishda shoshilmasdan tafakkur va tahlil qilib yondashing. Tanangiz kasallansa, qattiq stressdan aziyat cheksangiz, tana va ruhiyat tiklanib olishiga imkon va vaqt berib sabr qiling. Moddiyatga qattiq bog‘lanmay, dunyo ko‘rish, sayohatlarga chiqish kerak.

Yaqinlaringizga mehr bering. O‘zingiz xohlamagan holda negativ fikrlaringiz ko‘payib, nazorat, isloh qilishga kuchingiz yetmayotgan bo‘lsa, albatta, mutaxassisga murojaat qiling.

Akbar Fathullayev yozib oldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring