Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

​​Mubin Mirzayev: «Blogerlar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumot bergan xodimlarga chora ko‘rildi»

​​Mubin Mirzayev: «Blogerlar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumot bergan xodimlarga chora ko‘rildi»

Foto: «Xushnudbek.uz» telegram-kanali

Bugun, 13 iyun kuni Davlat soliq qo‘mitasida qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mubin Mirzayev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan soliq qo‘mitasi va blogerlar faoliyatiga oid xabarlarga izoh berdi, deb xabar qilmoqda «Kun.uz».

«Har bir xabar asosli bo‘lishi lozim. Ta’kidlashim shart, blogerlarga oid tarqalgan gaplarni men gapirmaganman, ammo negadir bu xabarlar asosan mening suratim ostida e’lon qilingani to‘g‘ri bo‘lmagan. Asossiz yoki aniq bo‘lmagan ma’lumot bergan xodimlarimizga hayfsan berildi.

Shu o‘rinda oydinlik kiritib ketsam – Davlat soliq qo‘mitasining qonuniy faoliyat yuritayotgan biror shaxsga nisbatan qarshiligi yo‘q, aksincha har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Jumladan blogerlarni ham. Blogerlik faoliyatiga ham cheklov yo‘q.

Ammo shu blogerlik faoliyati doirasida reklama bilan ham shug‘ullanib, daromad olinayotgan bo‘lsa, albatta tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tib, soliqlarni to‘lash lozim. Bloger mulkchilik shaklini o‘zi tanlasin, istasa YaTT, istasa yuridik shaxsga aylansin va xotirjam faoliyat yuritsin.

Endi telefoni olib qo‘yilgan bloger yigitga kelsak (Aziz Ashurbayev tadbirda ishtirok etayotgandi), men sizdan uzr so‘rayman va sizga ham tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatingizni davom ettirishingiz uchun qo‘limdan kelgan yordamni beraman. Hattoki kreditlar olishga ko‘mak berishga biz tayyormiz.

Alohida ta’kidlashim kerak, soliq tizimi shaffof faoliyat ko‘rsatishida OAV katta rol o‘ynamoqda. Eng muhimi xalqimiz tizimga ishonsin», deya qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 12 iyun kuni Davlat soliq qo‘mitasi blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida reklama joylashi orqali daromad orttirishiga «noqonuniy faoliyat» deya ta’rif bergan, ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi va soliq to‘lashi kerakligini aytgan edi. Agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad ko‘rayotgan shaxs soliq to‘lamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qo‘yilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

Shu kuni telegramdagi «Qo‘shni mahalla» kanalida «Instagram»da 300 minglik auditoriyaga ega bloger Aziz Ashurbayev 8 iyun kuni kanalida reklama joylashtirish bo‘yicha uchrashuvga borib, reklama uchun 400 ming so‘mni olgan vaqtida begona shaxslar yetib kelishgani, ular o‘zlarini soliqchilar sifatida tanishtirib, telefonini olib qo‘yishgani, «Instagram»dagi sahifasining parollarini o‘zgartirib qo‘yishgani haqida post qoldirilgan edi.

Shuningdek, bugun, 13 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori Komil Allamjonov o‘zining «Twitter»dagi sahifasida Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilib, bloger Aziz Ashurbayev bilan bog‘liq holatni o‘rganib chiqishni va inspektorning xatti-harakati qonunga zidligi aniqlansa, unga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring