Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kichik biznes taqdiri — Rossiyaga ketgan ma’qulmi yoki tadbirkorlik qilishmi?

Kichik biznes taqdiri — Rossiyaga ketgan ma’qulmi yoki tadbirkorlik qilishmi?

Foto: Xabar.uz

Hududlar uchun kichik ishlab chiqarishning ahamiyati juda katta. Birinchidan, bunday korxonalarda aholining kam ta’minlangan, «temir daftar»dagi qismini ish bilan ta’minlash mumkin. Eng muhimi esa, ular to‘lagan soliq mahalliy budjetga yo‘naltiriladi. Demak, yana ko‘plab masalalar hal qilinadi.

Ammo kichik korxonalarga hos muammo —rivojlanib ketishi qiyinroq. Mablag‘ aylanmasi kam bo‘lgani bois bozor yoki ijtimoiy hayotdagi kichik tebranish ham ularga katta ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa pandemiya davrida bu juda sezildi.

Samarqand viloyati, Toyloq tumanidagi «Aminjon Baraka tekstil» korxonasi ish boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ikki yilning nari-berisida ishlab turgan sex faoliyatiga koronavirusning ta’siri boshqalardan avvalroq sezildi. Korxona tayyorlaydigan tekstil mahsulotlariga sintetik xom-ashyo to‘lig‘icha Xitoydan keltirilardi. U yerda esa 2019 yilning dekabridayoq vaziyat ancha jiddiy edi. Bozorga ta’sir esa yanvar oyidan boshlandi. Martdan e’tiboran «Aminjon Baraka tekstil» faoliyati to‘xtatildi.

Oradan besh oy o‘tgachgina korxona faoliyatini qayta tiklash ishlari boshlab yuborildi. Albatta buning uchun tadbirkor Sheroz Imomov va tuman hokimligining ancha sa’y-harakatlari kerak bo‘lmoqda.

Toyloqda yil davomida «Aminjon Baraka tekstil» kabi korxonalardan 8 tasining faoliyati qayta tiklandi. Ammo bir noxush statistika — shu qatorda yana istiqbolsiz bo‘lgan 42 ta tadbirkorlik sub’yekti yopilgan. Nima uchun? Sabablari ko‘p.

Toyloqlik Rustam Fattoyev yaxshi niyatlar bilan «Munis Pokiza shirinliklar» MChJni ochgan edi. Ammo unga biznes hamkori pand berdi.

— O‘zim sohani uncha yaxshi tushunmayman. Sherigimning gapiga ko‘nib, MChJ ochishga qaror qilgandim. U qandolatchilik sohasida ancha tajribali edi. Ammo ish boshlash arafasida hamkorimga Rossiyada ishlash uchun yaxshi taklif keldi va u ketishga qaror qildi. Shundan so‘ng korxona ishi ham o‘z-o‘zidan to‘xtab qoldi, — deydi Rustam Fattoyev.

Shu tariqa hali ish boshlashga ham ulgurmagan korxona yopilishga mahkum bo‘ldi. Bunday misollar yurtimizdagi har bir viloyat va tumanlarda istalgancha topiladi.

Aslini olsak, O‘zbekistonda biznes yuritish uchun juda qulay muhit yaratilmoqda. Hatto bu borada reytinglardagi o‘rnimiz ko‘tarilib bormoqda. Xususan, Jahon bankining «Biznes yuritish 2020» (Doing Business 2020) yillik reytingida O‘zbekiston 2019 yil yakunlari bo‘yicha 100 baldan 69,9 ball to‘plab, 190 mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. Ya’ni, bir yil avvalgi reytingga nisbatan mamlakat 76-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarildi.

Ishonchimiz komil, bir yil o‘tgach O‘zbekiston bu reytingda yana ko‘tarilgan bo‘ladi. Ammo hamma gap shundaki, olib borilayotgan ishlar targ‘iboti ham yo‘lga qo‘yilishi kerak. Hokimliklar shunday ishlasinki, yurtdoshlarimiz Rossiyaga ketishdan ko‘ra, o‘zimizda ishlashni ma’qul ko‘rishsin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring