Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hammasi inson uchun, inson qadri uchun! (foto)

Hammasi inson uchun, inson qadri uchun! (foto)

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida 11-12 noyabr kunlari Farg‘ona viloyatiga media-tur tashkil etildi.

Respublikamizdafaoliyat yuritayotgan OAV xodimlari, blogerlar hamda mahalliy OAV xodimlari ishtirokidagi media-turning dastlabki manzili Farg‘ona shahridagi kasb-hunar maktabi bo‘ldi.

Maktabda «Yashil makon» umummilliy loyihasi asosida tashkil etilgan daraxt ekish aksiyasida jurnalistlar maktab hududida ramziy ma’noda ko‘chat ekishni boshlab berishdi. Farg‘ona shahri bo‘ylab 2 millionta ko‘chat ekish rejalashtirilgan, hokimiyat vakillari bu rejani 3 milliontaga yetkazishni aytib o‘tishdi.

Media-tur ishtirokchilari 40 ming aholi yashashi uchun zamonaviy va ekologik shahar barpo etiladigan maydonda ham bo‘lishdi.

— Bu yerda 300 gektar yer maydonida ko‘pqavatli uylar, ijtimoiy soha ob’yektlari hamda xizmat ko‘rsatishning barcha turlari mavjud EKO shaharcha quriladi. Bu loyiha 5 yil davomida bosqichma-bosqich qurib bitkaziladi, — deydi Farg‘ona shahar hokim o‘rinbosari Dilshod Omonov. – Umumiy 258 ta 9, 12, 16, 25 qavatli uylar quriladi. Umumiy 40 mingdan ortiq aholi ko‘chib kelib yashashi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Oltiariq tumanida 2016 yilda meva-sabzavot mahsulotlarini muzlatish korxonalarining soni 16 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 103 taga yetdi.

– Biz dastlab fermer xo‘jaligimizda yetishtirgan mahsulotlarimizni shartnoma asosida boshqa muzlatkichlarda saqlab kelardik. Bir kuni mahsulotlarimizni o‘zimiz saqlash haqida o‘ylab qoldik, — deydi tadbirkor-fermer Nuriddin Aliqulov. – Milliybank Farg‘ona filialidan kredit olib Gollandiyadan ilg‘or texnologiyalarni sotib oldik, binolarni esa o‘z hisobimizdan qurdik. Muzlatgichimiz 2 ming tonnadan 3.5 ming tonnagacha mahsulot saqlash sig‘imiga ega. Xo‘jaligimizda yetishtirilayotgan mevalardan tashqari bog‘larda pishib yetilgan meva va sabzavotlarni xam sifatli saqlab yurtimiz hamda xorij bozorlariga yetkazib beramiz.

«FERGANA GLOBAL TEXTILE» mas’uliyati cheklangan jamiyati 2018 yilda tashkil etilgan. Ayni kunda bu yerda 1200 nafar ishchi doimiy ish bilan band. Ishchilarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Paxta to‘liq qayta ishlab mato holatiga keltiriladi hamda bo‘yash ishlari ham shu yerda amalga oshiriladi. Korxonaning yillik eksport hajmi 18 mln. dollarni tashkil etadi. Mahsulotlar Xitoy, Turkiya, MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.

Bag‘dod tuman markazidan 12-13 km. uzoqlikda joylashgan Bag‘dod tajribasi sifatida alohida e’tirof etilgan «Muruvvat» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldik. Bu yerda barpo etilgan «Guliston» shaharchasida 61 ta ko‘pqavatli turar-joy barpo etilgan bo‘lib, uylar o‘z egalariga topshirilgan.

—Joriy yilning boshida bu joylar qir-adirlik, tashlandiq, foydalanishga yaroqsiz yerlar bo‘lgan, — deydi Bog‘dod tuman hokimi Vosiljon Nazarov. – 50 ta 5 qavatli, bir yo‘lakli 20 xonadonga mo‘ljallangan jami 1000 ta xonadon qurilishi rejalangan edi. Viloyat hokimi, viloyat sektor rahbarlari, kunlik shtabi a’zolarining sa’y-harakatlari, ko‘magi bilan yana 11 ta ko‘pqavatli uylar qurilib, uylar soni 61 taga yetkazildi. Ko‘rib turganlaringdek, 1252 ta xonadonli uylar tez fursatda qurib bitkazildi.

Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi joriy yilning 10 oyi davomida 44 million dollarlik qiymatga ega bo‘lgan mahsulot eksport qilingan. Bu yerda ayni paytda 5000 nafar ishchi mehnat qilishmoqda.  Yil oxiriga qadar ishchi o‘rni 6000 nafarga yetkaziladi.

—2019 yilda 864 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, bor-yo‘g‘i 9 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. 2020 yilda 1,5 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanib 28,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan, — deydi Qo‘qon EIZ rahbari Farrux Rahmonov. — Joriy yilda ayni kungacha 44 million dollarlik eksportni amalga oshirdik. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 55 million dollarga yetkazishni reja qilganmiz.

Media-tur ishtirokchilari Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan bir necha korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, «KOKAND BICYCLES» mas’uliyati cheklangan jamiyati yiliga 70 ming dona velosiped ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona. Loyiha qiymati 3,4 million dollar. Ishchilar soni 70 nafarni tashkil etadi.

«ANDELAI» qo‘shma korxonasida yiliga 1,2 million dona erkaklar ko‘ylagi ishlab chiqariladi. Bu yerda 275 nafar xotin-qizlar doimiy ish bilan band.

Ko‘rib turganimizdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yasharish islohotlarining samarasi viloyatlarimizda o‘z aksini topmoqda. Shu jumladan, bugungi kunda Farg‘onada ham ko‘p yangilanishlar, zamonga mos o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Barcha qilinayotgan ishlar viloyat aholisini turmush tarzini yaxshilash, aholining yashashi, ishlashi uchun keng imkoniyatlar yaratishdir. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, hammasi inson uchun, inson qadri uchun! Ishonch bilan aytamizki, bunday ezgu ishlar hali davom etaveradi.                             

Solijon Zoirov,
Muallif olgan suratlar

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring