Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FAO Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi biopestitsidlar bilan kurashishni qo‘llab-quvvatlaydi

FAO Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi biopestitsidlar  bilan kurashishni qo‘llab-quvvatlaydi

Har yili Markaziy Osiyo mamlakatlarida chigirtka bosqini sodir bo‘lishi oqibatida oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid yuzaga keladi.  Shu bois,  25-29 aprel kunlari FAO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida biopestitsidlarning ko‘rgazmali sinovdan o‘tkazilishi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir «Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalar ustidan milliy va mintaqaviy nazoratni takomillashtirish bo‘yicha FAO dasturi» doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar ko‘magida tashkil etildi.

Yirik xalqaro tadbir Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida chigirtkalarni nazorat qilish uchun biopestitsidlardan keng foydalanishni amaliyotga joriy etishga qaratilgan. Bu har yili o‘rtacha 4 million 200 ming gektar maydonda chigirtkaga qarshi ishlov beriladigan mintaqadir.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kimyoviy pestitsidlar zahar hisoblanadi. Ulardan to‘g‘ri foydalangan taqdirda ham, inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf mavjud. Kimyoviy pestitsidlarning qo‘llanilishi natijasida ekotizimlar hayoti uchun zarur bo‘lgan boshqa hasharotlarning ham bir tekis qirilib ketishi ularning atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yana bir bor isbotlaydi. Pestitsidlar, shuningdek, tuproq, o‘simlik, havo va suvni ham ifloslantirishi mumkin. Shuning uchun ham biopestitsidlar inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda asosiy rol o‘ynaydi.

Tadbir dasturi doirasida mutaxassislar Jizzax viloyati dalalariga tashrif buyurishdi. Besh kunlik namoyish sinovlari marokash chigirtkalari lichinkalariga qarshi Metarhizium acridum (Novakrid) va Beauveria bassiana (Yashil to‘siq) zamburug‘lari asosidagi ikkita biopestitsidni qo‘llashni o‘z ichiga oldi. Shu bilan birgalikda, bunda chigirtkalarning o‘limi va boshqa organizmlarga ta’siri baholandi.

8-10 kun oldin ham o‘tkazilgan namoyish sinov tufayli biopestitsidlarning  maqsadli bo‘lmagan organizmlarga ta’sirini aniqlash uchun ekologik monitoring natijalari o‘rganildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring