Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevroittifoq Markaziy Osiyoga chegara boshqaruvi bo‘yicha qancha mablag‘ ajratgani ma’lum bo‘ldi

Yevroittifoq Markaziy Osiyoga chegara boshqaruvi bo‘yicha qancha mablag‘ ajratgani ma’lum bo‘ldi

6-avgust kuni O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari binosida «BOMCA-9» Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi doirasida texnik jihozlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Ruslan Mirzayev, YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stiprays hamda «BOMCA-9»ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy rahbari Maris Dominis ishtirok etdi.

Yevroittifoq tomonidan taqdim etilgan 52,500 yevrolik jihozlar pasport, viza va boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning asosiy himoya unsurlari haqiqiyligini aniqlash va tekshirishga yordam beradi.

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi 2003-2019-yillarda «BOMCA»  dasturi doirasida 40,1 million yevro ajratdi.

Elchi Eduards Stipraysga ko‘ra, hozirga qadar Markaziy Osiyo mintaqasi chegara idoralarining salohiyati sezilarli darajada oshdi.

«BOMCA» (Border Management Programme in Central Asia) dasturi 2003-yilda amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida chegaralar boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Dasturdan ko‘zlangan maqsad sarhadlarni idora etish bo‘yicha ilg‘or usullarni joriy etgan holda, Markaziy Osiyoda chegara boshqaruvi samaradorligini oshirish, pirovardida esa mintaqada xavfsizlikni ta’minlash hamda iqtisodiy taraqqiyotga erishishdan iboratdir.

Dastur doirasida mintaqa davlatlariga texnik ko‘mak ko‘rsatiladi, shuningdek, hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi, seminar-trening va malaka oshirish safarlari uyushtiriladi.

«BOMCA» dasturi 16 yildan buyon bosqichma-bosqich amalga tatbiq etilmoqda. 2015-yil iyunda dasturning 9-bosqichi boshlangan. Mazkur bosqich 3 yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo o‘tgan yili iyunda Yevrokomissiya «BOMCA-9» dasturining amal qilish muddatini 2019-yil dekabrga qadar uzaytirdi. Shuningdek, dastur ijrosi uchun dastlab ajratilgan 4,9 million yevroga yana 1,6 million yevro qo‘shib berildi. 

Dasturning 9-bosqichida avvalgi yillardagi sa’y-harakatlar izchil davom ettirilgan holda, migratsiya oqimini muvofiqlashtirish va savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekistonda YI komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish byurosi, tashqi va ichki ishlar vazirliklari, DXX chegara qo‘shinlari, davlat  bojxona qo‘mitasi, sog‘liqni saqlash vazirligi kabi idoralar «BOMCA» dasturining milliy hamkorlari sanaladi.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring