Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr, suv, ko‘mir va kitob — eng yirik tumanlardan birida yana qanday muammo bor?

Elektr, suv, ko‘mir va kitob — eng yirik tumanlardan birida yana qanday muammo bor?

Navoiy viloyati, Tomdi tumanidagi ko‘chalardan biri...

Foto: Xabar.uz

Navoiy viloyati, Tomdi tumani O‘zbekistondagi eng yirik hududlardan ekani avval ham aytilgandi. Bu yerdagi muammolar ham sanab o‘tilgan. Kecha tumanda Xalq deputatlari kengashi bo‘lib o‘tdi va unda o‘sha masalalar yana bir bor ko‘tarildi. Xo‘p, muammo nimada?

Kengash avvalida tuman hokimi Qayrat Aldabergenov chiqish qildi. Ma’ruzadan xulosa chiqarish mumkinki, muammolar bor, to‘g‘ri, ammo uning yechimi ham o‘ylab qo‘yilgan. Xususan, «Tomdibuloq» OFY hududida bo‘sh yotgan 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu yerda import o‘rnini bosadigan 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, gazobetonu kvarsdan shisha tayyorlashdan tortib, chiqindini qayta ishlaydigan korxonagacha ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Tomdi tumani hokimi Qayrat Aldabergenov Xalq deputatlari kengashida hisobot bermoqda

Bularning barchasi yaxshi, albatta. Ammo bitta katta muammo bor — tumanda elektr toki yetishmovchiligi mavjud. Elektr toki bo‘lmagach, qanaqa ishlab chiqarish haqida so‘z borishi mumkin? Hokim bu borada shunday dedi:

— Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun elektr energiyasi yetishmasligi rost. Bu muammoni hal qilish uchun BAA davlatiga tegishli kompaniya bilan qayta tiklanuvchi energiya manbasi — shamol elektrostansiyasi qurish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Unga ko‘ra avval 300 megavatt, keyinchalik 500 megavatt energiya yetkazib beradigan elektrostansiya qurilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda mutaxassislar shamol esishi yaxshi bo‘lgan joyni tanlayapti. 2021-2023 yillarda ushbu loyiha ishga tushishi kutilyapti.

Bugungi kunda aholini elektr toki bilan ta’minlash bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Menimcha, yurtimizda tok mutlaqo o‘chmaydigan yagona hudud Tomdi tumani bo‘lsa kerak. Faqat kuz-qish mavsumiga tayyorlanish maqsadida qisqa vaqtga to‘xtatilishi mumkin, ammo boshqa vaqtda biror marta ham o‘chmaydi. Nasib qilsa, ikki-uch yilda shamol elektrostansiyasi ishga tushgandan so‘ng ishlab chiqarish bo‘yicha ham hech qanday muammo qolmaydi. Hozircha tadbirkorlarni ichki imkoniyat evaziga tok bilan ta’minlashga harakat qilamiz.

Tumanda rivojlantirish mumkin bo‘lgan istiqbolli sohalardan yana biri — turizm. Tomdining bepoyon cho‘llari bir qarashda bo‘m-bo‘sh tuyulishi mumkin, ammo necha yillarki ekzotikani xush ko‘radigan xorijliklarni o‘ziga chorlab keladi. Agar mana shu qiziqish tizimli yo‘lga qo‘yilib, infrastruktura bilan ta’minlansa, yaxshilab targ‘ib qilinsa, tuman uchun yana bir moliya manbasi yuzaga kelmaydimi?

— Ekoturizm masalasida allaqachon ish boshlab yuborilgan, — deydi tuman hokimi. — Tumanimiz juda katta va cho‘l hududida joylashgan. Turizmni rivojlantirish uchun aynan shu masalaga urg‘u qaratganmiz. Ayni vaqtda sohani rivojlantirish uchun tadbirkorlar bilan kelishuv mavjud. Buning uchun 50 gektar yer ham ajratilgan. Nasib qilsa, kelasi yilda ushbu loyiha ishga tushadi va mehmonlar bemalol dam olib ketish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ekoturizmni rivojlantirish uchun tabiatni asrash lozim. Ammo afsuski Tomdi aholisi cho‘l saksovulini yoqishga o‘rgangan. Buning oldini olish uchun propan gaz va ko‘mir ta’minoti juda muhim. Xo‘p, bu bo‘yicha ish qanday olib borilmoqda?

—Darhaqiqat xalqimiz saksovul yoqishga o‘rganib qolgan. Bu bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Ta’kidlash joiz, cho‘lda foydalansa bo‘ladigan va asrash shart bo‘lgan saksovul bor. Masalan, qurib qolgan saksovul shoxlarini zaruriyat bo‘lganda yoqsa bo‘ladi. Bu bo‘yicha o‘rmon xo‘jaligi va ekologiya qo‘mitasi bilan kelishib olingan. Cho‘ldagi qurigan saksovul qirqib olinadi va aholiga tarqatiladi. Bundan tashqari ko‘mir borasida aholi bilan tushuntirish ishlari o‘tkazdik. Tuman ehtiyoji hisoblab chiqilgan va 200 tonna mahalliy ko‘mir hamda 200 tonna xorijdan olib kelinadigan ko‘mirga buyurtma berib qo‘yganmiz.

Asosiy qismi cho‘lda joylashgan Tomdi tumanida tog‘li hudud ham bor. Sel aynan o‘sha tomondan keladi

Tomdi tumani hududida 57 avtomobil yo‘lining ma’lum bir qismi o‘tadi — bu yo‘l «Qizilqum halqasi» deb ataladi. Bahor faslida yo‘l va yon-atrofdagi ovullarga sel kelishi holatlari kuzatiladi. Bu muammo qachon hal bo‘ladi.

— Sel yo‘llarni yuvib ketishi darhaqiqat tuman uchun muammo hisoblanadi va uning yechimini topish uchun shu kecha-kunduzda ish olib borilmoqda. Yo‘lning sel yuvib ketadigan qismida suv o‘tkazuvchi quvurlar yotqizilyapti. Bu ishlar 10 oktyabrga qadar yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan. Barcha ishlar to‘g‘ri amalga oshirilgan taqdirda, bu bo‘yicha muammo qolmasligi kerak.

****

Tuman kengashi qisqa vaqt davom etdi, ammo ko‘p masalalar ko‘tarildi. Xususan, suv ta’minoti va maktablarni dezinfeksiya mahsulotlari bilan ta’minlashdan tortib, Tomdida istiqomat qilayotgan qozoq millatiga mansub aholini tegishli adabiyotlar bilan ta’minlash ham aytib o‘tildi.

Eng muhim gap esa kengash davomida tuman hokimi Q. Aldabergenov tomonidan aytildi.

—Muammolar yetarli va ayni vaqtda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra Tomdi tumani «qoniqarsiz» baholandi. Bu bo‘yicha qo‘l ostimda bo‘lgan jamoam bilan birgalikda aybni to‘liq o‘z zimmamga olaman.

Ba’zi joylarda yetarlicha ishlamaganmiz, ba’zan esa yetarlicha qat’iyat ko‘rsatmaganmiz, buni tan olaman. Shunga ko‘ra, xatolarni to‘g‘irlab, joriy yilning o‘zida tumanimizni qizil hududdan sariq hududga, kelasi yilda esa yashilga o‘tishga va’da beraman. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha tuman aholisidan kechirim so‘rayman.

Mabodo bergan va’dalarim amalga oshmaydigan bo‘lsa, o‘z lavozimimni bo‘shatib qo‘yishga tayyorman, — deya aytib o‘tdi tuman hokimi.

Demak, tumanda olib borilayotgan ishlar kelasi yil yana bir bor baholanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring