Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Deputat: «O‘zimizning muammoni o‘zimizga qo‘yib bering!»

Deputat: «O‘zimizning muammoni o‘zimizga qo‘yib bering!»

Foto: «Facebook/Rasul Kusherbayev»

Shu kunlarda bino va inshootlarning noqonuniy buzilishi bilan bog‘liq masalalarning muhokama qilinayotganini kuzata turib, bir holatga hayron qolayapman. Va nazarimda buzilishlar bahonasida investorlar oldida mamlakat imidjini tushirishga bo‘layotgan urinishdek taassurot qoldirmoqda bu ishlar. Bilmadim... ishqilib adashgan bo‘lay.

Qizig‘i binolar, turar joylarni qurish va buzish barcha mamlakatlar qatori bu bizning ichki ishimiz. Bu sohada qurilishga oid qonunchiligimiz bor. Bu yerda o‘zimizning odamlar yashaydi, issiqmi-sovuqmi buni ham o‘zimiz boshdan o‘tkazamiz. Biroq ayrim xalqaro tashkilotlar, xususan Human Right Watch tadqiqotchisi Stiv Sverdlovning xatti-harakatlari chetdan turib O‘zbekistondagi umumiy natijalarni yo‘qqa chiqarilishiga urinishdek bo‘lib ko‘rinmoqda.

Aytib qo‘yay: men Toshkent shahar va boshqa hokimlarning davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun bino va inshootlarning buzilishi bilan bog‘liq yo‘l qo‘yayotgan xatolarini oqlamoqchi emasman, o‘zim ham ko‘p hollarda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan tartibga shoshma-shosharlik qilib, o‘z vaqtida rioya etilmayotganligiga guvoh bo‘lmoqdaman. Shahar hokimiga esa alohida e’tirozlarim bor. Biroq bu haqida keyin, hozir masala boshqa.

Ochig‘i «Ozodlik» va boshqa OAV saytlarida e’lon qilingan buzilishlarga oid Toshkent shahar hokimi kelmagan g‘arb diplomatlari hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi yig‘ilish haqidagi chiqishning mantiqli va xolis ekanligiga shubham bor.

O‘rtoqlar bunaqa emasda endi: bu gaplarni aytish sal og‘ir-ku, biroq g‘arb vakolatxonasi vakillari va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar shunchalik qurilishlarda inson huquqlari buzilishidan qayg‘urishsa nega Yevropada, xususan Gretsiyada bo‘lgan buzilishlar, nega Dog‘istonda, Rossiyaning Moskvasidagi norozilik va Tulasidagi lo‘lilarning qurilmalarini buzilishini xuddi shunday muhokama qilib, kim haq kim nohaq ekanligini aytishmadi, tadbirlar uyushtirmadi. Chunki bu mamlakatning ichida hal bo‘ladigan jarayon va o‘zini mustaqil, kuchli deb hisoblagan davlat ichki ishiga boshqalarning aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Nima bizda davlat, qonun, rahbar yo‘qmi? Xullas o‘sha gap: hurmatli Stiv Sverdlov yaxshisi o‘zimizni muammoni o‘zimizga qo‘yib bering qanchalik qiyin bo‘lmasin o‘zimiz hal qilamiz, hal qilishga o‘rganayapmiz. Tadbirkormi, aholimi kim bo‘lishidan qat’iy nazar ko‘chmas mulk daxlsiz va u noqonuniy buzilgan bo‘lsa, aybdorlar albatta jazosini olishi kerak, zarar esa qoplanishi. Bu borada mustaqil sudlarimizga ishonaylik.

Oliy Majlis deputati

Rasul Kusherbayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring