Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir o‘rinbosariga parlament so‘rovi yuborildi

Bosh vazir o‘rinbosariga parlament so‘rovi yuborildi

Joriy yilning iyun-avgust oylarida O‘zbekiston «Adolat» SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari tomonidan respublika hududlarida «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonunning bajarilish holati o‘rganilgan.

O‘rganishlarda aholiga xizmat ko‘rsatish borasida erishilgan yutuqlar bilan birga, o‘z yechimini kutayotgan bir qator tizimli kamchiliklar aniqlangan.

Birinchidan, yurtimizdagi o‘nlab tuman va shaharlarda madaniyat markazlarining binosi kapital va joriy ta’mirga muhtoj, bir qator madaniyat markazlari alohida bino bilan ta’minlanmagan. Qator tuman va shaharlardagi aksariyat madaniyat markazlarining binolari esa madaniy sohada faoliyat olib borish uchun mo‘ljallanmagan bo‘lib, belgilangan talablarga javob bermaydi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun madaniyat markazlari binolarining deyarli barchasi achinarli holatda bo‘lib, zudlik bilan tegishli choralar ko‘rishni talab etadi.

Ikkinchidan, hududlardagi aksariyat madaniyat markazlari tegishli moddiy-texnik baza bilan ta’minlanmagan; boshqa bir qator madaniyat markazlaridagi moddiy-texnik baza esa talab darajasida emas.

Uchinchidan, amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq hududiy madaniyat markazlari bevosita Madaniyat vazirligi tasarrufidagi tashkilotlar bo‘lishiga qaramay, amalda hududiy hokimliklarga bo‘ysindirilgan bo‘lib, ularga hokimlik xo‘jalik va xizmat ko‘rsatish kompleksining tarkibiy qismi sifatida qarab kelinmoqda. Buning oqibatida, madaniyat markazlarida amalga oshiriladigan faoliyat turi uchun talab etiladigan konstruktiv muhitning yuzaga chiqishi qiyin kechmoqda.

O‘rganishlar chog‘ida aniqlangan kamchiliklar O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni rivojlantirish Konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish, xususan, madaniyat muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, qabul qilinayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga oid qarorlarning bajarilishini ta’minlash borasida o‘ziga xos to‘siq bo‘lmoqda. Deputatlar tomonidan olib borilgan parlament nazorati natijalari aniqlangan kamchiliklarga munosib yechim topish zaruratini ko‘rsatadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, parlament quyi palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Abduhakimovga «Respublika hududlarida madaniyat markazlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring