Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Andijonnoma» gazetasidan 100 million so‘m tovon talab qilgan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi sudda yutqazdi!

«Andijonnoma» gazetasidan 100 million so‘m tovon talab qilgan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi sudda yutqazdi!

Foto: «Andijonnoma»

«Andijonnoma» — viloyat hokimligining nashri, shunga qaramay, «devoriy gazetaning bosma shakli» degan ta’nadan ancha yiroq turadi. Gazetada bosilayotgan tanqidiy-tahliliy maqolalar bunga isbot. Bunaqa tanqidiy chiqishlar hatto uncha-muncha markaziy nashrlarda ham uchramaydi hisob. Biroq to‘g‘ri gap kimga yoqibdi, deysiz?! Tanqidiy materiallarga alohida e’tibor beriladigan har qanday ommaviy axborot vositalari turli sinovlarga duch kelishi tabiiy. «Andijonnoma» ham shunday sinovni boshdan o‘tkazdi.

Gap shundaki, o‘tgan yili gazetada taniqli jurnalist Qobuljon Asqarovning «Har bahorda shu bo‘lar takror... yoki ertani o‘ylamay boshlangan qadam» (21.08.2018 y.)  va «Egar qayda, uzangi-chi?»  (24.10.2018 y.) sarlavhali tanqidiy maqolalari chop etilgandi. Unda qishloq xo‘jaligi, xususan, pilla yetishtirishdagi ahvol, bu sohani rivojlantirishdagi shoshma-shosharlik natijasida qator tumanlardagi fermerlarning sho‘riga sho‘rva to‘kilayotgani ta’kidlanib,   «Andijan slik.Co» qo‘shma korxona shaklidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati oldiga qator savollar qo‘yilgandi.

Viloyat gazetasida bosilgan tanqidiy maqolalar Toshkentda aks-sado berdi: «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi «Andijan Silk. Co» qo‘shma korxonasi manfaatini ko‘zlagan holda «Andijonnoma» gazetasini sudga berib, go‘yoki  noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatgani uchun tahririyatdan 100 millon so‘m tovon talab qildi.

Kuni kecha Andijon tumanlararo iqtisodiy sudi mazkur da’voni ko‘rib chiqdi. Natija: da’vo asossiz bo‘lgani uchun rad etildi!

Da’voning rad etilishi gazetada bosilgan tanqidiy maqolalar to‘g‘ri ekanini anglatishi barobarida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar mavjud muammolarni xaspo‘shlayvermay ularga yovuqroq qarab, zimmasidagi mas’uliyatni sifatli ado etishi kerakliginiyam bildiradi.



Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring