Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonlik ona o‘g‘li MIBda ishlashini xohlamayapti...

Andijonlik ona o‘g‘li MIBda ishlashini xohlamayapti...

Foto:«Xabar.uz»

Bu galgi tadbir avvalgisidek biroz jo‘shqin va bahs-munozaralarga boy o‘tmasligi ehtimoli yuqori edi. Zero, kuni kecha Andijon tumanida sodir bo‘lgan fojea ko‘pchilikni «shok»ka tushirgan, uning ta’siri hali nari ketmagandi.

Shunday bo‘ldi ham. Majburiy ijro byurosi (MIB) Andijon viloyati boshqarmasi va hududiy tuman bo‘limlarining 2019-yilgi faoliyati sarhibosi bo‘yicha uyushtirilgan brifingda mavzu yuzasidan muxtasar ma’lumotlar berildi. So‘ng, kutilganidek, asosiy gap ijrochilari ko‘zi o‘ngida o‘zini yoqib yuborishi natijasida vafot etgan fuqaroga oid holat tevaragida kechdi.

MIB viloyat boshqarmasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, ayni mavzuda ijtimoiy tarmoqlarda bong urilgach, ko‘pchilik marhum (uydan majburiy ko‘chirishga doir fuqarolik ishida javobgar) tarafni yoqlamoqda. Insoniy his-tuyg‘ular shunga undaydi, albatta. Yosh, navqiron yigitning bu tarzda vafot etishi, darhaqiqat, fojea. Shu ma’noda marhumning yaqinlarini tushunish ne, balki his qilish mumkin. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Javobgarni uydan ko‘chirish to‘g‘risida qonuniy kuchga kirgan sud qarori mavjud. Sud qarori esa so‘zsiz ijro etilishi kerak. MIBchilarning vazifasi shu.

Javobgarni uydan ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari bir marta kechiktirilgan. Bu vaqt mobaynida sud qarori qonuniyligi yuqori instansiyalarda ko‘rib chiqilib, o‘z kuchida qoldirildi. Bu esa ijro harakatlari to‘xtatilgan joyidan davom ettirish lozim ekanini anglatadi.

Matbuot anjumaniga da’vorgar tarafdan (sud qarori bo‘yicha uyga kiritib qo‘ylishi lozim bo‘lganlar) vakil ham taklif etilgan ekan. Uning aytishicha, avvaliga ijro harakati jarayoniga ichki ishlar xodimlari ham jalb etilgandi. Javobgar yana bir kun vaqt berishi, shunda uyning kalitini o‘z ixtiyorlari bilan topshirishini aytganidan so‘ng rozi bo‘ldik. Shuningdek, uning qo‘ni-qo‘shnilar oldida xijolat bo‘lishayotgani, ko‘chirish jarayoniga ichki ishlar organlari xodimlarini jalb etmaslik haqidagi gaplari ham to‘g‘ri qabul qilindi.

Shu sabab ertasiga faqat byuro xodimlari bilangina bordik, - deydi da’vorgar vakili. – Biroq bir kun avvalgi gaplariga teskari ravishda javobgar «uyni bo‘shatmaymiz», deb oyoq oldi. Vaziyat taranglashayotganini sezib, ichki ishlar xodimlari bilan kelmasak bo‘lmaydi deb, ortga qaytayotgan edik. Ammo mashinaga o‘tirar-o‘tirmas, javobgar o‘ziga benzin sepayotganiga ko‘zimiz tushdi. Atrofda boshqa odamlar ham bor edi, ammo... ulgurishmadi.

Ijrochilardan biri ustidagi kurtkasi bilan, yana biri esa chelakda suv tashib olovni o‘chirishga yordamlashishdi hamda zudlik bilan shifoxonaga yetkazildi. Biroq...

Byuro viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hamidullo Masaitovga ko‘ra, ijro jarayoni doim silliq kechavermaydi, aksar holatda qarzdor yoki javobgarlarning janjal-to‘polonlari sabab MIB xodimlarining o‘z vazifasini bajarishlari og‘ir kechadi. Xizmat vazifasini bajarishi jarayonida tan jarohati olgan, hatto vafot etgan xodimlar bor.

Bosh prokuratura holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. Ayni paytda tergov harakatlari ketmoqda. Fojea bilan bog‘liq barcha holatlar aniqlanib, huquqiy baho beriladi.

Yana bir gap. Yaqinda davlat ijrochilaridan birining onasi byuro viloyat boshqarmasiga uchrashib, o‘g‘li tizimda ortiq ishlamasligi, uni ishdan bo‘shatishlarini so‘rabdi. Nega? «O‘g‘lim ishdan qaytgunicha yurak hovuchlab o‘tirishdan charchadim, bolam», debdi onaxon...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring