Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Shadmanov JSSAning 72-sessiyasida so‘zga chiqdi

Alisher Shadmanov JSSAning 72-sessiyasida so‘zga chiqdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Shu kunlarda Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyodagi 190 dan ortiq mamlakat vakillari, jumladan, 150 ga yaqin sog‘liqni saqlash vazirlari, shuningdek, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, nufuzli xalqaro jamg‘armalar va akademiyalar vakillaridan iborat uch mingga yaqin delegatlar ishtirok etmoqda. Jumladan, unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Avval xabar qilinganidek, ushbu sessiya doirasida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov JSSAning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi.

Sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov so‘zga chiqib, yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, fuqarolarni sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib,  so‘nggi uch yil davomida tibbiyot sohasida 150 dan ortiq huquqiy hujjat qabul qilindi.

Jumladan, aholiga birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch va  ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri, shuningdek, transplantologiya, kardiojarrohlik, immunoprofilaktika, xususiy tibbiyot sektorini rivojlantirish, psixiatriya, ftiziatriya va endokrinologik yordamni takomillashtirish, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faolllikni qo‘llab-quvvatlash borasida erishilgan natijalar haqida ham ma’lumot berdi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus JSSA sessiyasi ochilish marosimidagi chiqishida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida erishgan yutuqlarni e’tirof etib, dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida O‘zbekiston o‘z hududida bezgakni to‘liq yo‘q qilishga erishganini alohida ta’kidladi. Sessiya shu yilning  28 mayigacha davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring