Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aksilkorrupsiya agentligi: to‘rtta yirik davlat xaridi bekor qilindi

Aksilkorrupsiya agentligi: to‘rtta yirik davlat xaridi bekor qilindi

Foto: Xabar.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining masofaviy monitoring tartibidagi o‘rganishlarida umumiy qiymati 1 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan quyidagi davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi. Jumladan:

- Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida joriy yilning 15-fevral kuni amfiteatr temir konstruksiyalarini olib kelish xizmati yuzasidan o‘tkazilgan 200,0 mln so‘mlik;

- Jarqo‘rg‘on tuman hokimligi buyurtmachiligida joriy yilning 21-fevral kuni bayram tadbiri uchun sovg‘alar sotib olish va bayram dasturxoni yozish yuzasidan o‘tkazilgan 309,0 mln so‘mlik;

- Oqoltin tuman Tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida joriy yilning 28-fevral kuni laboratoriya tahlillari xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 300,0 mln so‘mlik;

-  Urganch ixtisoslashtirilgan maqom san’ati maktab-internati buyurtmachiligida joriy yilning 22-fevral kuni autsorsing xizmati yuzasidan o‘tkazilgan 371,1 mln so‘mlik davlat xaridlari.

Ushbu davlat xaridlarida O‘zbekiston Respublikasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash bayonnomalarini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachilarga Agentlikning taqdimnomalari kiritildi.

Agentlikning taqdimnomalariga binoan yuqoridagi davlat xaridlari bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilinishi ta’minlandi.

Shuningdek, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarni tegishli javobgarlikka tortish maqsadida to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring