Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Akmal Burhonov: «Deputatlar o‘rgangan muammolar hukumat va tibbiyot sohasi mas’ullari uchun o‘gaymi?»

Akmal Burhonov: «Deputatlar o‘rgangan muammolar hukumat va tibbiyot sohasi mas’ullari uchun o‘gaymi?»

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Akmal Burhonov joylarda xalqimiz bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, saylovchilarimizni qiynayotgan muammolarni o‘rganishlar mobaynida tibbiyot sohasida hali ham qator muammolar saqlanib qolayotgani yaqqol ko‘zga tashlanayotganini bildirdi.

Biz deputatlar o‘tgan vaqt mobaynida respublikamiz miqyosida olib borilgan maqsadli o‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklarni Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatiga, qolaversa, tegishli vazirlik va idoralar oldiga bir necha bor masala sifatida qo‘ydik, bu boradagi ishlar hali ham davom etmoqda.

Ammo shunga qaramay, aksariyat muammolar yechilmay qolyapti, bu borada ijobiy natija yoki oldinga siljish holati kuzitilmayapti.

Shu o‘rinda bir masalaga e’tibor qaratsak. Mamlakatimizning aksariyat shahar va tumanlarida shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari tashkil qilingan bo‘lib, ularning normativlari, ya’ni shifo o‘rin (koyka)lari soni nomutanosib holda belgilanib kelinmoqda. Natijada aholi soni va kasallanish holati hisobga olinmasdan qolmoqda. Jumladan, 168 ming aholi mavjud bo‘lgan va hududidan katta magistral yo‘l o‘tgan G‘allaorol tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limida ham, 49 ming aholi yashaydigan Zafarobod tumani reanimatsiya bo‘limida ham koyka soni 6 ta. Mirishkor tumani aholisi 115 ming nafar bo‘lgan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida 15 ta koyka mavjud bo‘lsa, 120 ming aholisi bo‘lgan Peshku tumanida 30 ta koyka mavjud. 243 ming nafar aholi yashaydigan Qo‘qon shahrida koykalar soni 110 ta bo‘lsa, 489 ming aholisi bo‘lgan Urgut tumanida esa, 30 tani tashkil etadi.

Afsuski, bir-biriga nomutanosib bo‘lgan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Mazkur muammo yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga shifo o‘rin (koyka)larini xatlovdan o‘tkazib, qiyosiy tahlil qilish, Moliya vazirligi bilan birgalikda yangi ishlab chiqilgan normativlarni tasdiqlash va uni hayotga tezroq joriy etish vazifasi ikki yildan buyon qo‘yilyapti-yu, masala hal bo‘lmay qolmoqda. Ya’ni, u vazifaligicha qolib, deputatlarning jon kuydirishi o‘z samarasi va natijasini bermayapti.

Ushbu masalalar 2019-yilning o‘tgan davrida parlament quyi palatasi yig‘ilishlarida bir necha bor ko‘rilib, muhokamalar qilindi, mazkur yig‘ilishlar yakuni bo‘yicha qabul qilingan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarorlari Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimovga, Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanovga va uning o‘rinbosarlariga, Moliya vazirining o‘rinbosarlariga yuborilishiga qaramay, ularning ijrosi ta’minlanmay qoldi. Hududlardagi muammolar esa, kun sayin ortib bormoqda.

Tabiiy savol tug‘iladi: deputatlar o‘rgangan muammolar Hukumat va tibbiyot sohasi mas’ullari uchun o‘gaymi yoki ular nima uchun mazkur masalaga xayrixohlik bildirishmayapti? Masalaga panja ortidan qarashga ularni kim yoki nima majbur etmoqda?

Albatta, tibbiyot tizimi oyog‘iga tushov bo‘lib turgan mazkur dolzarb masala yechimi topilaverilmagach, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi shoshilinch tibbiy yordam va reanimatsiya bo‘limlari uchun belgilangan koykalar miqdorini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Parlament so‘rovini aynan Bosh vazir A.Aripovga jo‘natdi.

Mana shunday real muammolar, tibbiyotdagi kamchiliklar va yechilishi mumkin bo‘lgan masalalar sohaning Prezidentimiz tomonidan qo‘yilayotgan talablar asosida tizimli rivojlanishiga sun’iy to‘siq bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari esa, nazarimizda, amaliy ishlar bilan birga, asosan balandparvoz gaplar, jimjimador raqamlar ortidan quvish bilan band bo‘lib, real hayotdan ortda qolmoqda.

Shu bois, deputatlar Bosh vazirga yuborilgan parlament so‘rovining javobiga katta umid bog‘lab qoladilar, — deydi Akmal Burhonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring