Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tamaki va alkogol mahsulotlari noqonuniy savdosining oldi olindi (foto)

Tamaki va alkogol mahsulotlari noqonuniy savdosining oldi olindi (foto)

Foto: Toshkent shahar DSB

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2019-yil sentyabr oyida Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan poytaxtimizda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 11 ming 275 dona (quti) umumiy qiymati 109 million 400 ming so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy savdosining oldi olingan.

Bundan tashqari, profilaktik tadbirlar davomida 791 shisha umumiy qiymati 57 million 500 ming so‘mlik alkogol mahsulotlari savdoga qonunga xilof ravishda qo‘yilgani aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Tadbirlar davomida Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi «Qo‘yliq» shohbekati yonida joylashgan savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganida fuqaro Usmon Quliyev (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) tomonidan hech qanday hujjatlarsiz 779 dona (quti) umumiy qiymati 7 million 936 ming so‘mlik aksiz markasiz, xorijda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlandi.

Foto: Toshkent shahar DSB

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tadbirlar davomida hududdagi Boyqo‘rg‘on ko‘chasida chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yana bir fuqaro Zoirxo‘ja Sunnatxo‘jayev (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanishda davom etayotgani ma’lum bo‘ldi. Tadbir davomida yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan savdoga qo‘yilgan 18 turdagi umumiy qiymati 2 million 838 ming so‘mlik aksiz markasiz tamaki mahsulotlarining noqonuniy ravishda sotilishining oldi olindi.

Nazorat tadbirlari poytaxtning Shayxontohur tumanida ham o‘tkazildi. Hududdagi aholi gavjum joylarda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 14 nafar fuqaro tomonidan belgilangan tartibda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan, 1 694 dona (quti) umumiy bahosi 15 million 560 ming so‘mlik aksiz markali va 1 616 dona (quti) umumiy bahosi 17 million 784 ming so‘mlik aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Toshkent shahar DSB xabariga ko‘ra, profilaktik tadbirlar jarayonida inson sog‘lig‘i uchun zarar yetkazadigan, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan mahsulotlarni noqonuniy savdoga qo‘yish holatlari ham uchramoqda.

Jumladan, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi 72-uyda joylashgan savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganida 29 turdagi, 56 shisha, umumiy qiymati 11 million 296 ming so‘mlik aksiz markasiz, qalbaki aksiz markali va yaroqlilik muddati o‘tgan alkogol mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlangan.

Uchtepa tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida 11-mavze, Zargarlik ko‘chasi, 4-uyda joylashgan savdo do‘konida yaroqlilik muddati o‘tgan va eski aksiz markasi bilan markalangan alkogol mahsulotlari savdoga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Profilaktik tadbir davomida 26 turdagi 706 dona umumiy qiymati 33 million 341 ming so‘mlik alkogol mahsulotlari noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgani aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Bektemir tumani «Qo‘yliq dehqon bozori» hududida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda fuqaro Jamila Abdullayeva (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) bozor hududida hech qanday sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, umumiy bahosi 169 ming so‘mlik qo‘lbola spirt mahsulotlarini savdoga qo‘ygani aniqlandi. Yana bir fuqaro Muxash Asanov (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) tomonidan 157 dona umumiy qiymati 1 million 418 ming so‘mlik alkogol mahsulotlari noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

«Hurmatli tadbirkorlar! Unutmang, halol tadbirkor davlat himoyasida. Noqonuniy faoliyatning oldini olish esa doimiy nazoratda», — deyiladi Toshkent shahar DSB murojaatida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring