«O‘zmilliybank» qovun-tarvuz yetishtirish va eksportni rivojlantirish bo‘yicha muhim tadbir o‘tkazdi

«Mirzacho‘l-Agro Star» loyiha ofisi hamda «O‘zmilliybank» AJ boshqaruv rahbariyati Jizzax viloyati hokimligi, Markaziy bank, Savdo sanoat palatasi, ilmiy tadqiqot institutlari bilan birga Jizzax viloyati Paxtakor tumanida tadbirkor va fermerlar ishtirokida O‘zbekistonda «Qovun-tarvuz yetishtirish va eksportni rivojlantirish» mavzusida ochiq muloqot tashkil etdi.
2025 yil 14 fevralda Davlatimiz rahbarining «Uzagrostar xolding» kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» qarori qabul qilingandi.
Unga ko‘ra, qovun-tarvuz yetishtirish bo‘yicha Ixtisoslashgan kompaniya tashkil etish belgilangan bo‘lib, kompaniya zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan. O‘zmilliybank esa «Mirzacho‘l-Agro Star» MChJ Ixtisoslashgan kompaniyacini ishonchli boshqarishi ko‘zda tutilgan edi.
Bugungi kunda «Mirzacho‘l - Agro Star» MChJ tomonidan qovun-tarvuz yetishtirish yo‘nalishida Mirzacho‘l, Mirzaobod, Sardoba, Ko‘kdala, Yangibozor va Gurlan tumanlari qamrab olindi.
Paxtakor tumanidagi M-39 yo‘l bo‘yida joylashgan binoda «Mirzacho‘l-Agro Star» MChJ Ixtisoslashgan kompaniyaci faoliyati uchun Markaz tashkil etildi.
Endilikda markaz hududida sabzavot va poliz ekinlari genetikasi va seleksiyasi bo‘yicha laboratoriya, ko‘chatchilik (pitomnik), ofis binosi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Turkiya va Yevropa davlatlaridan malakali ekspertlar (agrotexnolog, marketolog, brend-menejer) jalb qilinadi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda hozirgi vaqtda qovunning 160 dan ortiq navlari tarqalgan bo‘lib, ular bir-biridan tezpisharligi, hosildorligi, kasalliklarga va boshqa noqulay sharoitlarga bardoshliligi, ta’mi, saqlanuvchanligi, tashiluvchanligi, qayta ishlash va quritishga yaroqliligi kabi xususiyatlari bilan farqlanadi. Jizzaxlik dehqonlar ayni paytda hududdagi lalmi yerda tarvuz mahsulotini yetishtirishning hadisini olishgan. Bu esa mazkur poliz mevalarini tashqi bozorga yo‘naltirishni yanada jadallashtirish imkonini beradi.
Ochiq muloqotda qovun-tarvuz yetishtirishning yangi innovatsion usullari, agrokimyoviy jarayonlar hamda mahsulotni eksport qilishning samarali yo‘llari xususida so‘z bordi.
Mavzu yuzasidan mutaxassislar tajribasi hamda amaliy natijalar ochiqlanib, takliflar tinglandi. Asosiysi, muloqot tomonlarning qizg‘in muhokamalari bilan jonli va manfaatli bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zmilliybank» AJ xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni moliyalashtirishga doimo tayyor.
Binobarin, xalq manfaati – bankning siyosatidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter