Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Murojaatdan muddao nima edi? Kengash mas’uli izoh beradi

Murojaatdan muddao nima edi? Kengash mas’uli izoh beradi

Foto: «Xabar.uz»

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi. Uning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushi taxminan 32 foizni tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yurtimiz eksportidagi ulushi esa 20-25 foizni tashkil etadi. Bu agrar tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.

Biroq, sohani yanada rivojlantirish va fermerlar daromadini oshirish uchun hali bir qator foydalanilmagan imkoniyatlar bor. Bu birinchi navbatda, savdoni yanada liberallashtirish va infratuzilmani rivojlantirish hisobiga agrobiznesning raqobatbardoshligini oshirishni ko‘zda tutadigan qulay agrobiznes-muhiti va qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish bilan bog‘liqdir.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bug‘doy, un va non narxlarini liberallashtirish chaqirig‘i bilan qilgan murojaati aynan shunga qaratilgan edi. Ya’ni, fermer xo‘jaliklariga bug‘doyni kontraktatsiya shartnomalarida ko‘rsatilgan hajmdan ortiq mustaqil sotish huquqini taqdim etish ana shunday mexanizmlardan biri. Bu don yetishtirayotgan fermerlar va dehqonlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, o‘z mehnatiga yarasha daromad olishi va bug‘doy ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.

Bu vaziyatda narx-navoni liberallashtirish jarayoni kompleks ravishda hal etilishi zarur. Buning uchun esa, bir qator jarayonni izchilik bilan amalga oshirish talab etiladi:

  1. Fermer xo‘jaliklari, bug‘doyni qayta ishlash korxonalari va iste’molchilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni izchil ravishda bozor mexanizmlariga o‘tkazish;
  2. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida bug‘doyni xarid narxlarini o‘rnatish amaliyotidan voz kechib, talab va taklif asosida shakllangan erkin narxlar bo‘yicha sotish;
  3. Bug‘doy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar berish tizimini takomillashtirish;
  4. Yoqilg‘i moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari va bug‘doy yetishtirish uchun zarur bo‘lgan boshqa resurslarni yetkazib berishni bozor mexanizmlariga to‘la o‘tkazish orqali ushbu tizimni tubdan takomillashtirish;
  5. Bug‘doy, un va non narxlarini liberallashtirish jarayonida aholining ehtiyojmand qatlamini himoya qilish bo‘yicha izchil choralar ko‘llash.

Qisqasi, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlardagi kabi «O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi murojaat orqali narxlarni oshirishni» maqsad qilgani yo‘q. Aksincha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirganlarning manfaatlarini himoya qilmoqda, xolos.

J.Rahmonov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va
tomorqa yer egalari kengashining
jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring