Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jahon banki pandemiya sharoitida O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishni qanday baholadi?

Jahon banki pandemiya sharoitida O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishni qanday baholadi?

Yil boshida jahonning 160 dan ortiq mamlakatida ijobiy iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishilishi kutilayotgan edi. Lekin koronavirus pandemiyasining keng tarqalishi ortidan dunyo miqyosida iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz yuzaga keldi. Oqibatda oradan olti oy o‘tmay, ushbu iqtisodiy prognozlar keskin o‘zgardi.

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi mutaxascislarining qayd etishicha, 2020-yil — eng keskin global iqtisodiy pasayish yillaridan biri sifatida dunyo tarixidan o‘rin oladi. Bugungi kunda 170 dan ortiq davlatda aholi jon boshiga iqtisodiy o‘sish sur’ati manfiy bo‘lishi kutilmoqda. Bunday olamshumul iqtisodiy pasayish o‘tgan asrning 30-yillaridagi «buyuk inqiroz» davridan buyon kuzatilmagan edi.

Jahon banki mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan prognozlarga ko‘ra, joriy yilda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiyoti o‘rtacha 4,7 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi ortidan joriy qilingan qat’iy karantin talablari sababli butun dunyoda turizm, aviatsiya, ishlab chiqarish, savdo va ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatish sohalari murakkab ahvolga tushib qolgani sir emas.

Shu o‘rinda koronavirus pandemiyasi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotiga ham sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatganini qayd etish lozim. Mintaqaning tashqi savdo sohasidagi asosiy hamkorlari bo‘lgan Xitoy va Rossiya iqtisodiyotidagi pasayish ortidan 2020-yilda ba’zi qo‘shni davlatlarda YaIM hajmi 3,8-4 foizga qisqarishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekistondagi islohotlar Jahon banki tomonidan bee’tibor qolmadi. Uning hisobotida Yevropa va Markaziy Osiyoning 24 ta davlatidan faqat O‘zbekistonda 2020-yil natijalari bo‘yicha YaIM o‘sishi 1,5 foizni, qolgan davlatlarda yoki «nol» holat, yoki pasayish, ayrim davlatlarda esa YaIMning keskin pasayishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, mazkur hisobotda keltirilgan davlatlardan faqat ikkitasida 2021-yilda keskin iqtisodiy o‘sish kuzatilib O‘zbekistonda YaIM kelgusi yilda 6,6 foiz o‘sishi bashorat qilinmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyoti, garchi yil boshidagi bashoratlarga nisbatan iqtisodiy o‘sish sur’ati pasayishiga qaramay, yillik hisobda 1,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu esa Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida koronavirus pandemiyasi inqirozi davrida eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mutaxassislar fikricha, mamlakat eksportining diversifikatsiyalashuvi, talab yuqori bo‘lgan sanoat va oziq-ovqat mahsulotlarining eksportdagi salmoqli ulushi, tashqi qarz miqdorining yalpi ichki mahsulotga nisbatan barqarorligi hamda yetarli oltin-valyuta zaxiralarining mavjudligi kabi ijobiy omillar ishonchli makroiqtisodiy himoya vositalari sifatida hozirgi global inqirozning O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi.

Bu haqda gapirganda, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu muhim masala bo‘yicha tutgan qat’iy pozitsiyasi va tezkorlik bilan qabul qilayotgan kompleks chora-tadbirlari amalda o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini alohida qayd etish lozim.

Xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining aholi hayoti va iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish, bunday murakkab sharoitda tadbirkorlar va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan 30 trln. so‘mdan ortiq ijtimoiy nafaqa, imtiyoz va prefensiyalar jamlanmasi inqirozga qarshi kurashishning yana bir samarali usuli sifatida alohida e’tirof etilgani ham shundan dalolat beradi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari uchun soliq hamda kredit ta’tillari, soliq imtiyozlari berilishi, davlat mulki uchun ijara to‘lovlarining muayyan muddatga bekor qilinishi, yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy joriy etilishi hamda iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblashning to‘xtatilishi kabi muhim choralar ham bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, 2021-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,6 foizga o‘sishga erishadi va bu — Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga aylanadi.

Vujudga kelgan global inqiroz barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Jahon bankining prognozi bo‘yicha 2020-yilda yalpi global mahsulot 5,2 foiz, AQShda yalpi ichki mahsulot 6,1 foiz, Rossiyada 6 foiz, Yevropa Ittifoqida 9,1 foiz tushishi kutilmoqda. Ushbu tushishlar fonida Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda 1,5 foiz iqtisodiy o‘sishni bashorat qilinishi, fikrimizcha, ulkan e’tirofdir!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring