Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islohotlar bugun amalga oshirilmasa, ertaga kech bo‘ladi

Islohotlar bugun amalga oshirilmasa, ertaga kech bo‘ladi

Islohotlarni kechiktirish yaqin yillarda chuqur inqirozga olib keladi – tadqiqotchilar tomonidan chiqarilgan xulosa shunga dalolat qilmoqda.

Ma’lum etilishicha, bugungi kunda gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik quvvati 190 million kubometrni tashkil etmoqda. Ammo gaz transport tizimida modernizatsiya ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, yillik 3 foiz amortizatsiya va quvurlarning jismonan eskirishi hisobiga 2030 yilga borib ularning gaz o‘tkazish imkoniyati sutkasiga 146 million kubometrgacha pasayib ketishi prognoz qilinmoqda.

Ma’lumot uchun: Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan 2030 yilgacha bo‘lgan iste’mol balansi prognozlariga asosan, tabiiy gazga bo‘lgan iste’mol hajmi yilma-yil ortib, 2030 yilga borib, tabiiy gaz resurslariga nisbatan ehtiyoj sutkasiga 220,8 million kubometrni tashkil etadi.

Shunga muvofiq, tabiiy gazga o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun 2023 – 2030 yillarda gaz transport tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Mazkur chora-tadbirlar amalga oshirilmagan taqdirda, 2025 yilga borib, tizimning tabiiy gaz tashish quvvati sutkasiga 169,9 million kubometrgacha tushib ketadi. Natijada tabiiy gazni hattoki yoz mavsumida ham talab etilgan hajmlarda yetkazib berish imkoniyati cheklanib qoladi.

Buning oqibatida aholi uyoqda tursin, sanoat korxonalari va boshqa turdagi ishlab chiqarishlarni ham tabiiy gaz bilan tizimli ta’minlash mushkul masalaga aylanadi. Bu esa ishlab chiqarishning pasayishiga, narxlarning qimmatlashuviga, inflyasiyaning keskinlashishiga, pul massasining ortishi hamda qadrsizlanishiga olib keladi.

Bir so‘z bilan aytganda, iste’molchida bir qop pul bo‘lishi mumkin, ammo sotib olish uchun mahsulot topilmaydi. Import mahsulotlar esa birmuncha qimmat bo‘ladi.

Har qanday sohani rivojlantirish uchun eng avvalo iqtisodiy asoslar kerak. Shundoq ham zarar bilan ishlayotgan sohaga investor ham kelmaydi, davlatning o‘zi sarflagan mablag‘lar ham behuda ketaveradi. Bu xuddi tagi teshik idishda suv tashigandek gap.

Shu sababli ham elektr energiyasi va tabiiy gaz narxini bozor mexanizmlari orqali belgilash vaqti allaqachon yetib kelgan. Bu chora-tadbirlarni amalga oshirishga bugun kirishmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Narxlarni maqbullashtirish aholini elektr bilan uzluksiz ta’minlashda zarur infratuzilma yangilanishi bilan birga, iste’mol madaniyati oshishiga hissa qo‘shadi. Odamlar o‘zi sarflayotgan elektr energiyani shaxsan nazorat va tahlil qilib borishi, xulosa qilishi, tabiiy ravishda tejamkorlikni ta’minlashi samarali natija beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring