Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eskisini berib, yangisini oling. Utilizatsiya yig‘imidan tushadigan pullar qayerga ketadi?

Eskisini berib, yangisini oling. Utilizatsiya yig‘imidan tushadigan pullar qayerga ketadi?

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida «Avtotransport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imlarini joriy etishning xalqaro tajribalari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda milliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi texnikalarining ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirish, ichki bozorni past samarali, eski qishloq xo‘jaligi texnikalaridan himoyalash maqsadida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

«Mashina traktor parklari balansida yoki kimlarningdir uyida eski traktorlar turibdi, tagiga kunda qo‘yib ko‘tarib qo‘yishgan, g‘ildiraklari ham yo‘q, — dedi «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Hasan Nasibov. — Metallolomga har kilosi uchun o‘rtacha 1,5 ming so‘mdan topshirsa, 2 tonnasiga 3 mln so‘m oladi. Lekin ichidagi detallari yaroqli va metallari butun bo‘lishi mumkin. Bu metallarning har birini o‘z qiymatida xarid qilinishini ta’minlash kerak, bu oson ish emas».

AJ mutasaddilari eskirgan, foydalanishga yaroqsiz texnikalar respublika bo‘yicha ko‘payib ketganini ta’kidladi.

«Hamma joyda eski qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘lib ketdi, — dedi Hasan Nasibov. — Endi hozirgi holatda nima bo‘ladi? Qishloq xo‘jaligi texnikasi bor odam utilizatsiya yig‘imi punktiga keladi, texnikasini topshiradi. Istasa, texnika qiymatiga teng pulni qabul qilib oladi. Xohlasa, foizli chegirma asosida yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi xarid qilishi mumkin bo‘ladi».

Muloqot davomida utilizatsiya punkti tashkil etilishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, bu investitsiya va yuqori texnologiyalarni talab qilishi qayd etildi.

«Mamlakatimizda 200 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasi mavjud bo‘lsa, shuning 65 foizi yaqin yillar ichida ekspluatatsion muddatini o‘taydigan mashinalar hisoblanadi, — dedi «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Umid Rajabov. — Masalaga iqtisodiy nuqtai nazardan qaraylik. Bizda 1 gektar yerdan olinadigan hosil uchun sarflanayotgan solyarka miqdorining hisob-kitobini qilsak, mahsulotning tannarxi keskin oshib ketayotganiga guvoh bo‘lamiz. Mexanizatsiyalashuv darajasi yuqori bo‘lgan Yevropa yoki MDHdagi boshqa davlatlarga nisbatan mamlakatimizda mahsulot tannarxi baland bo‘lib boraveradi. Biz nafaqat texnikalarning, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ham jahon bozoridagi raqobatbardoshligi haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak».

Ma’lum qilinishicha, utilizatsiya yig‘imi uchun bir marta to‘lov qilinadi. Qonun loyihasida diplomatik korpuslar vakillari utilizatsiya yig‘imi to‘lashdan ozod etilgani belgilangan.

«Agar siz mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlarini xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, utilizatsiya yig‘imini siz to‘lamaysiz, siz uchun ishlab chiqaruvchi to‘laydi, — dedi Hasan Nasibov. — Agar import texnikalarni olmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz to‘lov qilasiz».

Mutasaddilar foydalanishga yaroqsiz texnikalarning tabiatga zararini kamaytirish kelgusida respublika budjetidan katta mablag‘ talab etishini ta’kidladi. Ushbu mablag‘larni qoplashda qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun utilizatsiya yig‘imlarini joriy qilish maqsadga muvofiq ekani aytildi.

«Maqsad budjetni to‘ldirish emas, — qayd etdi Hasan Nasibov. — Yig‘im pullari alohida jamg‘armaga kelib tushadi. Va ular utilizatsiya bilan shug‘ullanadigan korxonalar faoliyatiga yo‘naltiriladi».

Jurnalistlar «Bunday korxonalar O‘zbekistonda bormi?» deya savol berdi.

«Hozircha yo‘q, — dedi Hasan Nasibov. — Lekin qonun qabul qilingandan so‘ng utilizatsiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tashkil etiladi. O‘ylaymanki, tadbirkorlar bunga qiziqish bildirishadi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring