Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Dadil tashabbus». Yevroittifoq O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligiga oid yangi strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi

«Dadil tashabbus». Yevroittifoq O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligiga oid yangi strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumati tomonidan ishlab chiqilgan qishloq xo‘jaligi jabhasida oziq-ovqat sektorini rivojlantirish strategiyasi loyihasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu borada berilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, YeI O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi uchun moliyaviy yordamni yanada kengaytirish va yangi strategiyani ro‘yobga chiqarishda yordam berishga tayyor.

«Biz farovon hayotni ta’min etmog‘i uchun qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tarafdorimiz», – deydi YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stiprays.

«Qishloq xo‘jaligi mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun muhim tarmoq hisoblanadi. Hukumat tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun yaqinda e’lon qilingan strategiya loyihasi aniq yo‘l xaritasiga ega. Ushbu strategiya rasmiy qabul qilinib, amalga oshirilgach, hukumat bu sektor uchun yangi va takomillashtirilgan jamoat xizmatlarini yaratish, shuningdek, fermerlar va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan ko‘mak va erkinlikni ta’minlash imkoniga ega bo‘ladi. U O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi yetakchi mamlakatlar safiga qo‘shishi kerak», – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, mamlakat hukumati ushbu strategiya loyihasini e’lon qilish bilan qishloq xo‘jaligidagi real va doimiy o‘zgarishlarga sodiqligini va qat’iyligini yana bir bor tasdiqladi.

«Agar ushbu strategiya loyihasi hozirgi shaklda qabul qilinsa, 2017-yil boshidan buyon prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy etilgan islohotlar va erkinlashtirish to‘lqinlari saqlanib qoladi va kengayadi. YeI ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Biz prezidentni va uning jamoasini ushbu dadil tashabbus bilan tabriklaymiz va uning rasmiy ma’qullanishini kutamiz», – deyiladi bayonotda.

Strategiyada paxta va bug‘doy yetishtirishning tarixiy yondashuvidan boshqa muqobil ekinlarga bosqichma-bosqich o‘tish belgilangan. Bu esa O‘zbekistonga boshqa qimmatbaho bog‘dorchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish borasida ustunlik berishi mumkin.

YeI bayonotiga ko‘ra, paxta va bug‘doy kabi suvni ko‘p talab qiladigan ekinlarga bog‘liqlikni kamaytirish mamlakatning tabiiy zaxiralarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Bryussel O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga yirik grant mablag‘lari taqdim etib keladi. Xususan, 2014-2020-yillarda ikki tomonlama hamkorlik doirasida qishloqlarni rivojlantirish, fermerlar va qishloq aholisi daromadni ko‘paytirish, sektorning raqobatbardoshligi va mahsuldorligini oshirish maqsadida 168 million yevro ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13-sentyabrda 2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Strategiyada paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasi amaliyotidan voz kechish, viloyat hokimlari va joylardagi davlat idoralarining yerdan foydalanish borasidagi mavjud vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish, fermerlarga mahsulot yetishtirish va bozor tanlashda to‘liq erkinlik berish, hosilni sug‘urtalash mexanizmlarini kuchaytirish belgilangan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, yangi strategiya ilmiy asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksportni ko‘paytirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulotlar hajmini bir necha barobarga oshirishga xizmat qiladi. Agrar tarmoqda eksport hajmi 2018-yilda 2,3 milliard dollarni tashkil etgan. Strategiyada belgilanayotgan vazifalarni amalga oshirish natijasida bu ko‘rsatkichni 2030-yilda 20 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring