Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yakkabog‘ voqeasi» qahramonlarining «ishi» sudda ko‘rilmoqda

«Yakkabog‘ voqeasi» qahramonlarining «ishi» sudda ko‘rilmoqda

Foto: Videolavhadan skrinshot

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida yakkabog‘lik tadbirkor Bahriddin Isamov (1963-yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, oilali, muqaddam sudlanmagan, «Hisor sarlochin» MChJ da ishchi bo‘lib ishlagan) va Mansur Tuymayev (1976-yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, Yakkabog‘ tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Mazkur jinoyat ishi JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Chiroqchi tuman sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

B. Isamov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan ayblanayotgan bo‘lsa, M. Tuymayevga 192-1-moddaning (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi «a» bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan ayblovlar  qo‘yilgan.

Sud davomida 15 dan ortiq jabrlanuvchi va 60 dan ziyod guvoh so‘roq qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 20-iyul kuni Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev «Hisor Sarlochin» MChJga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi Bahriddin Ismov o‘ziga tegishli savdo do‘konini buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, M.Tuymayevning yuz qismiga yelim idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini sepib, uni yoqib yuborgandi.

Mazkur voqelikdan ortidan tuman hokimi va  prokuror o‘sha vaqtda vazifasidan olingan, holat bo‘yicha esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring