Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot sohasidagi har to‘rtinchi jinoyat — korrupsiyaga oid

Tibbiyot sohasidagi har to‘rtinchi jinoyat — korrupsiyaga oid

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 25-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tyapti. Tadbirda qatnashayotgan «Xabar.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlar muhokama qilinyapti.

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga 2018-yilda — 9 trln. 300 mlrd. so‘m, 2019-yilda — 12 trln. 100 mlrd. so‘m ajratilgan. 2020-yilda sohaga ajratilayotgan mablag‘ yana 23 foizga ko‘paytirilishi, ya’ni qo‘shimcha 2 trln. 800 mlrd. so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan shuncha e’tiborga qaramay, sog‘liqni saqlash sohasida jiddiy muammolar, kamchilik va nuqsonlar hamon saqlanib qolmoqda. Tamagirlik va suiiste’molchilik, tizimning barcha bo‘g‘inlarida korrupsiyaning keng ildiz otgani xavotirlidir.

Misol uchun, so‘nggi ikki yilda tizimdagi 581 nafar xodim turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shulardan 114 nafari yoki har to‘rtinchisi (!) sodir etgan qilmish korrupsiyaviy jinoyat hisoblanadi.

Bu davrda 115 nafar tibbiyot xodimi beparvolik va e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yib, shifokor degan ulug‘ nomga dog‘ tushirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu xodimlar 50 ta holatda bemorga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatmagan, 24 ta holatda davolash ishlarini noto‘g‘ri olib borgan, 13 ta holatda jarrohlik operatsiyasini o‘tkazmagan yoki noto‘g‘ri o‘tkazgan, 7 ta holatda kasallikni barvaqt aniqlash chorasini ko‘rmagan.

Eng achinarlisi, bunday qilmishlar oqibatida 27 nafar fuqaro og‘ir va o‘ta og‘ir tan jarohati olgan. Javobgarlikka tortilgan xodimlarning 3 nafari vazirlik va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida, 49 nafari viloyat hamda 529 nafari tuman-shahar miqyosidagi muassasalarda faoliyat olib borgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilganlar, asosan, Farg‘ona (91 nafar), Andijon (80), Samarqand (77), Namangan (44), Qashqadaryo (33), Surxondaryo (32) va Xorazm (32) viloyatlariga to‘g‘ri   keladi.

Korrupsiya illati xodimni ishga qabul qilishdan boshlab, moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori-darmon ta’minoti kabi   yo‘nalishlarni   qamrab   olgani aytilgan.

Korrupsiyaga qarshi yig‘ilish davom etmoqda, tafsilotlarni «Xabar.uz»da kuzatib boring!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring