Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ShHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining yig‘ilishiga Nig‘matilla Yo‘ldoshev raislik qildi

ShHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining yig‘ilishiga Nig‘matilla Yo‘ldoshev raislik qildi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bugun videokonferensaloqa orqali Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining o‘n sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlis ishiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev raislik qildi.

Tadbirda qayd etilganidek, ShHT umumiy manfaatlarni himoya qilishning samarali tizimidir. Yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda bu nufuzli tuzilma muhim rol o‘ynamoqda.

ShHT tashkil etilganidan buyon uning a’zo davlatlari o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunish, yuqori darajadagi ishonch va birgalikda qarorlar qabul qilish ruhi shakllandi.

Asr tahdidi – koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi kurashda Tashkilotga a’zo davlatlarning birdamligi va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashining yuqori darajasi «Shanxay ruhi» namoyon bo‘lishining yorqin namunasidir.

ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashining sammitlarida jinoyatchilikka qarshi kurashda, shu jumladan, Tashkilot a’zolari va kuzatuvchilar hamda muloqot sheriklari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish orqali sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligi ta’kidlangan.

Shu nuqtai nazardan, kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarning Bosh prokuraturalari vakillarining mazkur anjumandagi ishtiroki ShHT doirasida huquqiy sohada idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prokuratura organlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik umumiy maqsadga erishish, ya’ni ShHT makonida qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni ta’minlashning muhim omilidir.

Davrimizning illatlaridan bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurash doimiy ravishda dunyo hamjamiyati, shu jumladan, ShHT davlatlari uchun dolzarb masala ekanligi inobatga olinib, tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmlari muhokama qilindi, o‘zaro tajriba almashildi.

Ushbu sohadagi mavjud muammolar konstruktiv ravishda muhokama qilinib, ularning yechimi bo‘yicha harakatlarni birlashtirishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar belgilandi.

Majlis ishtirokchilari yakdillik bilan qayd etganidek, Bosh prokuraturalarning keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlari va tashabbuslari xalqaro maydonda ShHTning obro‘sini va global mavqeini yanada oshirishga ham xizmat qiladi.

Zotan, dunyo aholisining yarmidan ko‘pini birlashtirgan ShHTning mintaqaviy va global siyosatni shakllantirishning mexanizmi sifatida Yevroosiyo qit’asining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashdagi o‘rni mustahkamlanib bormoqda.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan hamda ShHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining o‘n to‘qqizinchi majlisini 2021-yilda Hindiston Respublikasida o‘tkazish to‘g‘risida tegishli qarorlar qabul qilindi.

ShHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining o‘n sakkizinchi majlisi to‘liq o‘zaro anglashuv ruhi va do‘stona muhitda, yuqori darajada mazmunli o‘tdi.

Majlisda a’zo davlatlarning Bosh prokuraturalari vakillari, kuzatuvchilar va ShHT muloqoti doirasida sheriklar, shuningdek xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirok etishdi.

Shuningdek, ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Djumaxon Giyosov va Prokurorlar xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Chxol-Kyu Xvanlar ishtirokchilarni qutladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring