Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oltiariqda bozor rahbari kartoshka zaxirasini talon-taroj qildi

Oltiariqda bozor rahbari kartoshka zaxirasini talon-taroj qildi

Foto: «O‘zA»

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida bozor rahbari qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilingan 103 million so‘mlikdan ortiq kartoshka mahsulotini talon-toroj qildi.

Har yili mamlakatimizda aholi hamda ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qish va bahor mavsumi uchun zaxiraga jamg‘arish ishlari amalga oshiriladi.

Xususan, Oltiariq tumanida 2017-2018 yillar uchun bu mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha tashkilotlarga aniq vazifalar topshirilgan edi.

Tuman “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A. Rahimov (ism familiyasi o‘zgartirilgan) esa bu borada o‘z burchini unutdi. U boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, guruh bo‘lgani holda jinoyatga qo‘l urdi.

Mas’uliyat cheklangan jamiyat qoshidagi “Oltiariq import eksport” unitar korxonasiga AT “Asakabank” Oltiariq filialidan 180 million so‘mlik kredit olinib, aholini arzon narxlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 60 tonna kartoshka zaxirasi yaratildi.

Bozor rahbari mazkur mahsulotdan bahosi 79 million 530 ming so‘mlik 26 ming 510 kilogramm iste’molga yaroqli bo‘lgan qismini aprel-may oylarida hech qanday hujjatsiz D. Qosimovga, bahosi 24 million so‘mlik 8 ming kilogrammini esa may oyida “Nodira diyor mevalari” korxonasi rahbariga berib yuborib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

“Niyozxon-Musaxon” dehqon xo‘jaligi rahbari D. Qosimov esa boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, guruh bo‘lgani holda “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshidagi “Oltiariq import eksport” unitar korxonasida zaxira qilingan kartoshka mahsulotining 103 million 530 ming so‘mlik 34 ming 510 kilogrammini bozor rahbari A. Rahimovdan qabul qilib olib, tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslarga sotib yuborib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, sud jarayonida mas’ul rahbarlarning o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari natijasida qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilingan kartoshka sifatli saqlanmaganligi va ma’lum qismi chirib, iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolganligi aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, A. Rahimov va D. Qosimovlarga tegishli jazo tayinlandi. Ular tomonidan yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplandi.

M. Sulaymonov, O‘zA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring