Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki bor sudlanib, «tuzalmagan» yigit uchinchisida qamoqqa ravona bo‘ldi

Ikki bor sudlanib, «tuzalmagan» yigit uchinchisida qamoqqa ravona bo‘ldi

Jazodan maqsad nima?

Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (42-modda) shunday javob beradi: jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi.

N.Islomov hali yosh, 1995-yilda tug‘ilgan bo‘lsa-da, ilgari ikki marta o‘g‘rilik qilib, sud tomonidan jazo tayinlangan. Ammo, tuzalish yo‘liga kirish o‘rniga yana jinoyat sodir qildi.

Birinchi marotaba 2015-yilda JK 169-moddasi 3-qismining «a» bandi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, uning yosh ekani e’tiboridan  bu muddat «3 yil sinov muddatiga» almashtirilgan.

Ikkinchi marotaba 2016-yilda, hali sinov muddati tugamasdan yana o‘g‘irlikka qo‘l urdiki, natijada 6 yilga «kesiladigan» bo‘ldi. Biroq unga yana muruvvat qilindi: yoshligi, qilmishidan pushaymon bo‘lganligi, hali oila qurmaganligi va boshqa holatlardan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi ozodlikdan mahrum qilish jazosini ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirdi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, N.Islomovga imkoniyat bir emas, ikki marotaba berildi.

Hayot – bu uzoq masofaga yugurishga mo‘ljallangan marafon singari murakkab, uni bir nafas olguncha bosib o‘tib bo‘lmaydi.

Yuzaga kelgan ba’zi qiyinchiliklarni hal qilish uchun ter to‘kib ishlash va sabr-toqat talab qilinadi.

Biroq qahramonimiz qanday bo‘lmasin, tezroq boyish uchun yana o‘g‘rilik boshidan tutdi.

2018-yil 4-oktabr kuni kunduz soat 11:00larda u Buxoro tumani «Rabotak» MFY «O‘zbekiston» ko‘chasidagi M.Abdullayevaga qarashli qurilishi tugallanmagan 46-uyga devordan oshib kiradi. Uyda to‘rt devordan boshqa hech vaqo yo‘qligini ko‘rgach, xafsalasi pir bo‘ldi. Biroq harakatni to‘xtatmaydi: keyingi xonadonga devor oshib o‘tdi. Bu xonadon a’zolari borligini sezgach, kishi bilmas undan keyingi uyga o‘tdi... Bu xonadondan quruq qo‘l bilan chiqmadi. Hech kim yo‘qligi qo‘l kelib, 325 ming so‘mlik moddiy boyliklar va temir seyfdan 6 mln. 945 ming so‘m naqd pullarni o‘mardi.

...Bu haqida xabar yetib kelgani zahoti ichki ishlar bo‘limi xodimlarining tezkor  harakatlari bois jinoyat issig‘ida fosh etildi.

Sud jarayonida N.Islomov aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, yetkazilgan zararning 6 mln. 570 ming so‘mini qoplaganini, qolgan 700 ming so‘mini ham qoplashini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudining hukmiga ko‘ra, N.Islomov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25,169-moddasi 3-qismining «a» bandi va 169-moddasi 3-qismining «a» moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, oldingi hukm bilan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosining o‘talmagan qismlari qo‘shilib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, N.Islomov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topildi va tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Nozimjon Jo‘rayev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudi raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring