Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijon: «teskari karatin»ga mantiqsiz chora?!

Andijon: «teskari karatin»ga mantiqsiz chora?!

Foto: Xabar.uz

Butun mamlakat koronavirusga qarshi kurashayotgan bir paytda ayrim rahbarlar yana eski hurmacha qiliqlarini boshlab qolibdi, deb yozmoqda «Xushnudbek.uz».

Mehnat vazirligining xabar berishicha, Andijon tumani hududidagi adirlikka 10-11-aprel kuni yong‘oq ko‘chatlari ekilgan va bunda Andijon viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli korxona ishchilari majburiy tarzda jalb etilgan.

Shu sababli korxona rahbari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan, ya’ni mehnat qonunchiligini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilibdi.

Buyoqda Mehnat vaziri «Cotton Campaign»ga murojaat qilib, O‘zbekiston majburiy mehnatga chek qo‘yish bo‘yicha katta natijalarga erishgani uchun o‘zbek paxtasidan boykotni olib tashlashga chaqirib turgan bir paytda, Andijonda o‘zi xon, ko‘lankasi maydon to‘ralar karantin payti odamlarni majburlab yong‘oq ekishga olib chiqayotganiga nima deyish mumkin?!

Bundan tashqari, aholiga karantin payti birlamchi zarur bo‘lgan tibbiyot niqobini tayyorlab, 260 ta ish o‘rnini yaratgan tadbirkor-fuqaroni «qonunni buzding» deb 157 mln so‘mlik tovarlari olib qo‘yilib, yana unga nisbatan sanitar qoidalarni buzganligi uchun jinoyat ishi ochishgan bir paytda, koronavirus tarqalishi eng pik nuqtaga chiqqan 10-11-aprel kunlari xodimlarini yong‘oq ekishga, ya’ni koronavirusga qarshi kurashishda bir tiyinlik foydasi yo‘q ishga MAJBURLAB olib chiqqan davlat korxonasi rahbariga oooooddiygina ma’muriy javobgarlik qo‘llashgani qaysi mantiqqa sig‘adi? Ikkalasi ham qonunni buzgan bo‘lsa, ikkalasiga ham bir xil chora qo‘llanilmaydimi?

Yoki fuqaroga boshqacha chora, davlat mansabdorlariga boshqacha chorami? Yoki qonunlar Chirchiqda boshqacha, Andijonda boshqachami?

Biz yo hamma uchun qonunlarni bir xilda amal qilishini ta’minlaymiz, yoki qonunbuzarlarga har kim o‘z bilganicha, ya’ni o‘z o‘lchovi bilan turli xil sub’yektiv jazo ko‘rib yashaydi. Tegishli tashkilotlar bunga ham munosabat bildirarmikin yoki o‘raga sichqon tushdi, guldur-gup bo‘ladimi?

...«Xushnudbek.uz»ga o‘zimizdan qo‘shimcha qilsak, shu yilning 31-mart kuni Andijon viloyatida bir qator budjet tashkilotlari xodimlari ko‘cha tozalashga olib chiqilganiga oid xabar berilgandi.

Unda hokimiyat mansabdorlari tomonidan erta tongdan «hashar»ga olib chiqilganlar Andijon shahrining aeroportidan to  markaziy ko‘chalarigacha obodonchilik ishlari olib borgani, ayniqsa, Xo‘jaobod tumanida qurilayotgan «Andijon shaharchasi» massivida ishlar avjiga chiqqani fotosuratlar bilan yoritilgandi. Andijonning o‘zida bir nechta shifoxona karatinga olingan, shaharga kirish-chiqish yopilgan, eng asosiysi, shu shaharning o‘zida o‘nga yaqin bemor davolanayotgan paytda  bunaqa «hashar» uyushtirilganini na mutasaddilar inkor etdi, na tasdiqladi.

Vazirlik jim, IIB jim, hatto prokuratura ham!

Oddiy fuqarolar karatin talablari buzsa, oyog‘ini yerga tekkizmay tiqib qo‘yilayotgan paytda Andijondagi mahalliy amaldorlarning xatti-harakatlariga mutasaddilar tomoshabinlikdan nariga o‘tmayotganiga, rosti, tushunish qiyin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring