Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aka-ukalarning «ishi»ni ko‘rgan sud raisiga chora ko‘riladi

Aka-ukalarning «ishi»ni ko‘rgan sud raisiga chora ko‘riladi

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudi raisiga nisbatan chora ko‘riladigan bo‘ldi. Gap shundaki, sudya qo‘qonlik tadbirkor aka-uka Sulaymonovlarning jinoyat ishini ko‘rib chiqqanidan so‘ng... ular bilan apoq-chapoq bo‘lib ketgani aytilmoqda.

Ya’niki, raisning o‘zi sud qilib, qamoqdan ozod qilgan shaxslar bilan keyinchalik juda iliq munosabat o‘rnatib, birgalikda biznes qilish, hatto oilaviy bordi-keldilarni yo‘lga qo‘yish istagida ekani, gap orasida sud chog‘i ularga muruvvat ko‘rsatganini («bittangizni olib qolishim kerak edi, lekin...») pisanda qilgani va boshqa holatlar o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida tasdig‘ini topgan ko‘rinadi. Vaholanki, hukmdan sudlanuvchilar qanoat hosil qilgan bo‘lishsa, jabrlanuvchi norozi bo‘lib, tinimsiz shikoyat yozayotgani aytilmoqda. O‘sha shikoyatlarning tasdig‘i  o‘laroq, vakolatli organ tomonidan sud raisiga nisbatan chora ko‘rilishi kerak, degan to‘xtamga kelingan.

Sud raisiga nisbatan qanday chora ko‘rilgani hozircha noma’lum. Negaki, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi malaka hay’ati tegishli hujjatlar «chora ko‘rish uchun» O‘zbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashiga yuborilganini bildirgan. Sudyalar oliy kengashi esa bu ish viloyat sudi malaka hay’ati tomonidan amalga oshirilajagini ta’kidlaydi.

Sud raisiga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari u chiqargan hukmga ta’sir qiladimi-yo‘qmi – bu endi alohida mavzu.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring