Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ona va bola o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat aybdoriga hukm o‘qildi

Ona va bola o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat aybdoriga hukm o‘qildi

O‘tgan yilning noyabr oyida Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan Toshkent-Termiz M-39 avtomobil yo‘lining 977 kilometrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida o‘z vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqatilgandi.

O‘shanda «Neksiya» rusumli avtomobil haydovchisi A.Karimbek «Yo‘l harakati qoidalari»ning 55-bandi («Haydovchi qayta tizilishda yon bo‘lakda yo‘nalishini o‘zgartirmasdan harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak») qo‘pol ravishda buzishi natijasida O.Salimov boshqaruvidagi (uyam «Neksiya») o‘ng yon tomoniga borib uradi! Natijada  mashinada voyaga yetmagan N.Nurakliyev voqea joyining o‘zida, uning onasi N. Uralova esa  shifoxonada vafot etadi.

Kuni kecha mazkur holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Sharof Rashidov tuman sudida mazmunan ko‘rib chiqildi.

Sud raisi G‘. Yalgashevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sudlanuvchi A.Karimbek O‘zbekiston Respublikasi JK 266-moddasi 3-qismining «a» bandida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Unga har oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolish yo‘li bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi hamda qo‘shimcha jazo tariqasida 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud hukm chiqarishda sudlanuvchining aybiga to‘liq iqrorligi, muqaddam sudlanmagani, qaramog‘ida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lib, oilasida yagona boquvchiligi, shuningdek, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararlarni o‘z ixtiyori bilan to‘liq bartaraf etganligini, jabrlanuvchilarning da’volari yo‘qligini inobatga oldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring