Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Benzin importchilarini qiynayotgan 7 muammo

Benzin importchilarini qiynayotgan 7 muammo

Foto: Xabar.uz

Raqobat qo‘mitasi benzin importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Asadulla Qayumov va Farrux Karabayev ishtirok etdi, deb xabar berdi idora matbuot xizmati.

Ochiq muloqotda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, xususan, avtomobil benzini importini oshirish masalalari muhokama qilingan.

Tadbirkorlar ularni qiynayotgan 7 ta muammoni sanab o‘tgan:

  1. Avtomobil benzini importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun banklar tomonidan ajratilgan kredit yuklamasi yuqoriligi;
  2. Logistika narxlari yuqoriligi, Rossiyadan Keles chegarasigacha bo‘lgan masofa (1700 km) uchun bir tonnasi uchun 150 dollar bo‘lgan bir paytda ichki temir yo‘l orqali tashish xizmati 8-10 km uchun 15-20 dollarni tashkil etishi;
  3. Import qilingan benzin barcha standartlarga to‘g‘ri kelishi va sifati talabga javob berishi yuzasidan Rossiya tomonidan berilgan hujjatlar borligiga qaramay, respublikaga olib kirganda qo‘shimcha majburiy sertifikatlashdan o‘tkazish;
  4. Import qilingan benzin mahsuloti uchun QQS to‘lovini to‘lash muddati qisqaligi;
  5. Import qilish niyatida xorijiy davlatlarga pul mablag‘larini o‘tkazib berganda, ushbu mablag‘lar geosiyosiy vaziyatlardan kelib chiqib taqiqlarga tushib qolgan vaqtlarda mahsulot o‘z vaqtida yetib kelmasligi; ayni shu davrda mahsulot relizatsiya qilinmagan, biroq mablag‘lar o‘tkazilgani uchun soliqqa tortilishi holatlari;
  6. Importyorlar katta hajmlarda benzin mahsulotini olib kirganda ularni saqlash uchun sig‘imlar mavjud emasligi hamda mavjud bo‘lgan sig‘imlar ijarasi qimmatligi;
  7. Turkmanistondan benzin xarid qilish jarayoni juda ko‘p vaqtni talab qilishi, natijada aylanma pul mablag‘larining muzlab qolishi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya benzin eksportiga 1 martdan vaqtinchalik taqiq kiritgandi. Eksport taqiqi YeOII mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kelishilgan yetkazib berish hajmlariga taalluqli emasligi qayd etilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring