Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston hukumati xorijliklar uchun benzin narxini oshirmoqchi

Qozog‘iston hukumati xorijliklar uchun benzin narxini oshirmoqchi

Qozog‘iston Energetika vazirligi xorijiy fuqarolar uchun benzin va dizel yoqilg‘isi narxini oshirish to‘g‘risidagi buyruq loyihasini e’lon qildi. Bunda qozog‘istonliklar uchun motor yoqilg‘isi narxi o‘zgarmaydi.

Buyruq loyihasida xorijiy fuqarolar uchun AI-92 va AI-93 rusumli benzin narxi litri uchun 245 tenge etib belgilanishi nazarda tutilgan. Dizel yoqilg‘isi narxi litri uchun 315 tenge bo‘ladi.

Mahalliy haydovchilar uchun esa haydovchilik guvohnomasi va Qozog‘istonda berilgan transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi taqdim etilganda narx o‘zgarmaydi - kuniga 300 litrgacha bo‘lgan hajmda litri uchun 205 tenge. Shuningdek, qozog‘istonliklar dizel yoqilg‘isini litri uchun 295 tengedan sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Mamlakat energetika vazirligining tushuntirishicha, bu «ichki bozorda yoqilg‘i balansini saqlash, shuningdek, neft mahsulotlari oqimi va «kulrang» eksporti xavfini minimallashtirish uchun» amalga oshirilmoqda.

«Hozirda yoqilg‘i narxlari davlat tomonidan tartibga solingani tufayli Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari orasida yoqilg‘i-moylash mahsulotlari narxi eng past bo‘lgan davlat hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, neft mahsulotlarining boshqa mamlakatlarga oqimi va «kulrang» eksporti xavfini oshirmoqda», – deyiladi Energetika vazirligi munosabatida.

Taqqoslash uchun, Toshkentda AI-92 litri uchun 10500 so‘m (372 tenge), Bishkekda 63,25 so‘m (318 tenge), Orenburgda AI-92 litri 49,35 rubl (237 tenge)ni tashkil qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring