Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zinat Omon. Ikki er, ikkinchi xotin va... kaltaklar

Zinat Omon. Ikki er, ikkinchi xotin va... kaltaklar

Zinat Omon hind aktrisasi va modeli. Eng yaxshi ikkinchi darajali rollari uchun «Filmfare» mukofoti sovrindori. «Hindiston go‘zali» va «Tinch okeani Osiyosi go‘zali» tanlovlari g‘olibi. Zinat Omon o‘zbek va hind kinoustalari tomonidan suratga olingan «Alibobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari», «Sevgi afsonasi» filmlarida yetakchi rollarni ijro etgan. O‘ziga xos jozibasi, latofati tufayli millionlab muxlislar orttirgan. Uning horg‘in nigohi, aqiq lablari ko‘plab erkaklarni aqldan ozdirgan. Ammo Zinat hayoti mobaynida uylangan erkaklarni tanladi, natijada kunlari alg‘ov-dalg‘ov bo‘ldi...

Qizaloq tug‘ildi, ammo...

1951 yilning 19 noyabrida Ssinda va Omonulla Xonlar oilasida baxtli voqea ro‘y berdi – qizaloq tug‘ildi. Unga Zinat deb ism qo‘ydilar. Oilaning yagona farzandi hisoblangan bu qizaloq yo‘rgakligidan g‘amxo‘rlik va e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Afsuski, Omonulla va Ssinda fe’l-atvorlari jihatidan turlicha odamlar edilar. Ularning e’tiqodlari ham boshqa-boshqa: er musulmon, xotini esa induizmga rioya qilardi. Boshqalar hech kim va hech nima Omonulla va Ssindaning munosabatlarini buzolmaydi deb o‘ylashardi. Ammo diniy qarashlar nafaqat odamlarni, balki butun-butun xalqlarni ham ikki qutbga ajratib tashlashga qodir. Qizaloqning tug‘ilishi dastlab ota-onasi o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga nuqta qo‘ygan edi, biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi: ular Zinat hali uvoqqina ekanligida ajrashishdi. Omonulla uyni tark etdi, qizaloq onasi bilan qoldi.

Zinat otasini deyarli ko‘rmadi. Omonulla xotini va qizi yashaydigan Bombeydan 150 kilometr olisdagi Punada istiqomat qilardi. U ssenariylar yozar, hamisha band – hayoti doimo uchrashuvlar, muhokamalar va tayyor matnlarni qayta ko‘chirish bilan o‘tardi. Qizi bilan Bombeyga kelganida ko‘rishardi. Bu diydorlashuv qisqa bo‘lar va deyarli hamma vaqt yo‘l-yo‘lakay amalga oshardi.

Omonulla Xon qizi 13 yoshga to‘lganida vafot etdi. Zinat bu haqda ertalabki ibodat paytida eshitdi. Punaga yetib borgunicha otasini ko‘mishgan edi. Zinatning bolalikdagi eng katta taassuroti – motam marosimidagi odamlarning oppoq libos kiygani edi.

– Biz otam bilan kam ko‘rishardik, biroq u kishi hayotdan ko‘z yumganida, men ulkan bo‘shliqni his qildim, – deydi Zinat. – Ulg‘ayganim sayin bu bo‘shliq kattalashaverdi, uni hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmasdi. Bir kuni men otamning do‘stini uchratdim. U padari buzrukvorimning nechog‘li yaxshi va iste’dodli inson bo‘lganini uzoq gapirib berdi. Men uyga qaytgach, bir necha soat yig‘ladim. Otam bilan nima sababdan birgalikda shunchalik kam vaqt o‘tkazganimizni sira tushuna olmasdim.

Zinat Bombeydagi maktabda o‘qidi. Umuman aytganda, Zinat Omon bolaligidan hamisha va hamma joyda birinchi bo‘lishga intilgan: basketbol bo‘lsa – faqat g‘alaba, o‘qishda – nuqul yuqori baholar!

Bu orada onasi Ssinda yevropalik erkak bilan tanishdi va unga turmushga chiqdi. Yangi otaning o‘gay qiziga ko‘nikishi uchun anchagina noqulay holatlarni boshdan kechirishiga to‘g‘ri keldi: Balog‘at yoshidagi Zinat o‘zgarayotgan qomatidan nihoyatda uyalardi. U issiq kunlarda ham qalin kiyinar, ko‘zga tashlanmaslikka harakat qilardi.

– Bir kuni o‘qituvchi shamollab qolganmisan, deb so‘radi va men uni ishontirish uchun kuchim boricha yolg‘ondakam aksirib, yo‘tala boshladim, – eslaydi Zinat.

Vaqt o‘tishi bilan o‘gay qiz va o‘gay otaning munosabatlari qavm-qarindoshlarniki kabi yaqinlasha boshladi. O‘gay ota Zinatga kitoblar o‘qib, dinlar, urushlar, Yevropa shaharlari, u yerdagi ayollar hayoti haqida hikoya qilib berardi.

Maktabni tugatgach, o‘qishni davom ettirishi uchun Zinatga maxsus stipendiya ajratildi. U tahsil olish uchun olis Kaliforniyaga ravona bo‘ldi. Ko‘zlari xumor, qomati raso Zinatni model biznesi agentlari payqamasliklari mumkin emasdi. Dastlab u o‘zini namoyon etishga uyalardi, keyin esa bu ish yoqa boshladi. Zinat tabiat in’om etgan go‘zallikni ko‘z-ko‘z qilishdan tortinmasligi kerakligi haqida xulosa chiqardi. Bu esa uning kelgusida kinoda ochiq-sochiq kiyimda suratga tushishiga olib keldi.

Raj Kapurning muvaffaqiyatsiz taklifi

Ma’lumki, model biznesidan kinematografgacha – bir qadam, modellar ko‘pincha aktyorlik kasbini tanlaydi. Biroq ayrimlar oddiy rollardan nariga o‘tmasa, boshqa intiluvchanlar muvaffaqiyat qozonishadi. Zinat ikkinchi toifaga mansub edi. Uning birinchi filmi «Hulchul», ikkinchisi «Hangoma» bo‘lib, har ikkala kartina ham e’tibor qozonmadi.

1972 yili Dev Anand Zinatni o‘zining «Aka va singil» filmidagi ikkinchi darajali rolga taklif qildi. Aslida u mazkur filmga tasodifan tushib qolgan – Jasbir roli boshqa aktrisaga mo‘ljallangan edi. Bu aktrisa so‘nggi lahzada bosh rolni talab qilgan, rejissyor rad javobini bergach, loyihadan ketgandi. Shundan so‘ng Zinat munosib ko‘rildi.

Zinat filmda ishtirok etayotgan kunlari ko‘ngilsizlik ro‘y berdi. U parvoz qilayotgan samolyot kuchli bo‘ronga yo‘liqdi. Layner titrab, tebranib, yo‘lovchilar ibodat qila boshladilar. Baxtga ko‘ra, uchuvchi samolyotni yerga eson-omon qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu tarzda aktrisa o‘z hayoti mobaynida baxt va musibat, muhabbat va nafrat o‘rtasida muvozanatni saqlashga uringanida ko‘plab marta talvasaga tushishiga to‘g‘ri keldi.

Bunday holat ruhiy tanazzulga yaqin edi. Film ekranga chiqqunga qadar Zinat shunchalik o‘z ichini yeb-tirnadiki, kino qismati emasligi haqida bir qarorga keldi. Bu qaror to‘g‘riligiga uzil-kesil ishonch hosil qilib, Germaniyaga – onasi va o‘gay otasining oldiga ketmoqchi bo‘ldi. Har holda oxirgi daqiqada, yuklar ortib bo‘linganida u premerani kutishga ahd qildi.

Film nafaqat tomoshabinlar, balki tanqidchilarning ham yuksak bahosiga sazovor bo‘ldi. «Aka va singil» Zinat Omonga «Eng yaxshi ikkinchi darajali roli uchun» nominatsiyasi bo‘yicha Filmfare Awards kinomukofotini olib keldi. Aktrisa unda zulmkor o‘gay onasi tufayli Hindistondan Nepalga qochgan qiz rolini o‘ynagan edi.

Hali hech qaysi aktrisa bunday qahramonni ijro etmagandi. «Zinat Omon ishtirok etadigan filmlarda qalbdan ko‘ra qomat bisyor», – deyishdi tanqidchilar. Eski aqidalarga o‘rgangan Hindiston uchun bu haqiqiy inqilob edi.

1978 yili Zinat Raj Kapurning «Haqiqat, muhabbat va go‘zallik» filmida suratga tushdi. Ssenariy bo‘yicha bosh qahramonning qalb go‘zalligi tashqi chiroyidan muhim ekanligini ochib berish kerak edi, biroq rejissyor aktrisaning qomatiga e’tibor qaratdi. Natijada film muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

80-yillarda Zinat Omon ko‘plab yulduzlar ishtirokida o‘zining maftunkorligini namoyish etishiga to‘g‘ri keldi. Biroq mazkur filmlar qahramonlari, asosan, erkaklar edi. Faqat R.Chopraning «Adolat tarozisi» o‘zgacha kinokartina bo‘ldi. Zinat unda zo‘ravonlik qurbonini ijro etdi. Shundan so‘ng aktrisa ishtirokidagi muhabbat uchburchagi aks etgan «Sodiq do‘stlar» filmi muvaffaqiyat qozondi.

Er-xotin do‘pposlashgach...

Zinat Omon ikki marta turmush qurdi. Taqdir taqozosiga ko‘ra, har ikkala erining familiyasi Xon edi. Uning birinchi eri aktyor va rejissyor Sanjay Xon hisoblanadi (Raj Kapur bosh rolni ijro etgan «Abdulla» filmidagi Muhammad roli ijrochisi). Ularning muhabbati kino maydonida uchqunladi. Vaholanki, Sanjay allaqachon uylangan, farzandlari bor edi.

Muhabbat ko‘zlarini ko‘r qilgan Zinat Omon sevgilisining yonida bo‘lish uchun uning ikkinchi xotiniga aylanishga ham tayyor edi. Ammo evaziga kaltaklar va xo‘rlanishlar bilan javob oldi. U Sanjayni butun qalbi bilan nihoyatda yaxshi ko‘rdi, biroq omma orasida sharmisori chiqdi. Aktrisa go‘yo o‘zining ishtirokidagi filmlar qahramoniga aylandi, faqat ular birmuncha qo‘rqinchli edi.

Sanjay bilan Zinatning yaqin munosabati oqsuyaklar oqshomida yakun topdi. O‘sha kuni Sanjayning xotini Zarina barchaning ko‘z o‘ngida Zinatga tarsaki tushirdi. Shundan so‘ng Sanjay ham Zinatning yuziga bir nechta musht tushirdi. Oqibatda aktrisaning o‘ng ko‘zi jiddiy shikastlandi.

Zinat Omon mashhur bo‘lsa-da, Xon o‘zining mushtumzo‘rligi uchun javobgarlikka tortilmadi – kazo-kazo do‘stlari tufayli unga lom-mim deyilmadi. Politsiya kaltaklar oqibatida Zinatning o‘ng ko‘zi majruh bo‘lganiga e’tibor ham bermadi. Jarrohlik operatsiyalari jarohatni to‘liq bartaraf etmadi, shu bois uning o‘ng ko‘zidagi majruhlik hozirgacha ko‘rinib turadi.

Sanjay esa, o‘sha voqeadan to‘rt kun o‘tgach, matbuot orqali Zinatni boshqa erkak bilan ushlab olganini aytib jar soldi va u bilan ajrashdi.

Sanjay Xonga «tutqun» bo‘lgan paytlarida Zinat Omon «Ko‘hna ibodatxona xazinasi» va «Uch mushketyor misoli» kabi mashhur filmlarda suratga tushdi. Hech kim uni qiynalayotgan, aziyat chekayotgan ayol deb o‘ylamas, chunki Zinat o‘ziga ishongan va «gullab-yashnayotgan»dek taassurot qoldirardi. Vaholanki, o‘sha damda aktrisa chuqur tushkunlikka tushgan edi.

U Sanjay bilan ajrashdi, biroq ajrimdan so‘ng suratga tushadigan filmlari soni keskin kamaydi. Aftidan, Xon Zinatga keluvchi kislorodni to‘sib qo‘ygan edi. Zinat Omon darajasidagi aktrisa ishtirokida faqat ikki yilda bitta film chiqib turdi.

Ikkinchi Xon, o‘lim va haqoratlar

Sanjay Xon bilan ajrashganidan to‘rt yil o‘tib, 1985 yili Zinat Omon aktyor Mazxar Xonga turmushga chiqdi. Ko‘pchilik bu erkak uning hayotini muhabbatga limmo-lim to‘ldiradi deb o‘ylardi. Sababi, Zinatning go‘zalligiga oshufta Mazxar uning qo‘lini so‘rab holi-joniga qo‘ymagandi. Mazxar Xon Zinat uchun, hatto xotini va farzandini ham tashlab ketgan edi. Oxir-oqibat Zinat unga turmushga chiqishga rozi bo‘ldi.

Oilada ikki o‘g‘il tug‘ildi. Ularga Azan va Zaxan deb ism qo‘yildi. Nihoyat Zinat o‘zi orzu qilgan baxtga yetishgandek tuyuldi. Afsuski, u yana hissiyotlariga aldangan edi. Mazxarni xotini bilan qayerga bormasin, aynan Zinatning diqqat markazida bo‘lishi jahlini chiqara boshladi. Garchand aktrisa kinoda deyarli suratga tushmay qo‘ygan, o‘zini oilasi va farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlasa-da, jurnalistlar intervyu berishini so‘rashar, muxlislar ko‘cha-ko‘chada yo‘lini to‘sib dastxat iltimos qilishardi.

Mazxarni esa payqamasdilar. Xotinining mashhurligi uni darg‘azab qiladigan bo‘ldi. Natijada Mazxar Zinatga g‘azabini socha boshladi. Zinatning yana xo‘rlik va kaltaklarni boshdan o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda faqat oilaning yaqin do‘stlari bilishardi, boshqalar ko‘z o‘ngida Zinat hamisha yorqin va kuchli shaxs sifatida namoyon bo‘lardi. Aktrisa har qancha kaltaklanib haqorat qilinmasin, ikki o‘g‘liga ota kerakligini o‘ylab sabr qildi. Bollivudda Mazxar Xonning yaramas fe’li haqida gap-so‘zlar yurar, ammo aktrisa bu mavzuga daxldor har qanday savollarni chetlab o‘tardi.

Zinat 13 yildan keyin – bolalar ulg‘ayganidan so‘ng Mazxar bilan ajrashishga qaror qildi. Har holda u shunday deb o‘yladi va 1998 yili sudga ariza berdi. Biroq sud ajrim chiqarishga ulgurmadi – o‘sha yilning sentyabr oyida Mazxar Xon hayotdan erta ko‘z yumdi.

– O‘rtamizdagi munosabatlar murakkab bo‘lganiga qaramay, men hamisha uning yetishmasligini his etaman. Eng kuchli og‘riqni bolalar boshdan kechirishdi – kichik o‘g‘lim otasining fotosuratlarini o‘z xonasiga yopishtirib, u yerdan chiqmaslikka harakat qildi. Bu haqda ko‘z yoshi to‘kmay o‘ylab bo‘lmaydi, – deydi Zinat o‘sha musibatli kunlar haqida.

Mazxarning o‘limiga buyrak faoliyatidagi yetishmovchilik sabab bo‘lgan. Biroq uning qarindoshlari Zinatni ayblashdi. Aktrisaning naqadar yomon xotin bo‘lganini aytib intervyu berishdi, televizorga chiqishdi. 11 yoshli Azanni ham onasiga qarshi gijgijladilar. Bir kuni esa ular uyga kelib, Zinatni kaltaklab ketdilar. Aytishlaricha, aktrisani do‘pposlaganlar orasida uning o‘g‘li Azan ham bo‘lgan.

Mazkur voqeadan so‘ng Zinat Omon jasorat ko‘rsatib, matbuot anjumani o‘tkazdi. U jurnalistlarga marhum eri va Mazxar Xonning qarindoshlari bilan munosabatlari haqida gapirib berdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay Zinat yana bir fojiani boshidan o‘tkazdi – qizi bilan ro‘y bergan ko‘ngilsizliklarga dosh bera olmagan onasi Ssindaning yuragi urishdan to‘xtadi. Zinat unga nihoyatda bog‘lanib qolgan edi.

– Bu ikki yil mobaynida men naq jahannamda bo‘ldim, – deydi aktrisa. – Eng dahshatlisi orqada qoldi deganimda yana fojialar ro‘y berardi. Mening qanchalik tahlikada yashaganimni faqat eng yaqin insonlarim bilishadi.

Har holda Zinat Omon kinoga qaytish uchun o‘zida kuch topa oldi. Uning ishlarini barmoqlar bilan sanash mumkin. Shu bois ekranda har bir paydo bo‘lishi Zinatning tuhfasi sifatida qabul qilinadi. Eng muhimi esa o‘g‘li ona bag‘riga qaytdi. Bu ko‘hna tarixda kim haq ekanligini bilish uchun Azandan kam vaqt talab qilinmadi. Zinat o‘g‘lini kechirdi, axir onaizor o‘z bolasiga gina saqlamaydi-da!

Ular Mumbay chekkasidagi shaxsiy uyda istiqomat qilishadi.

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring