Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoy uchun yoqimli bo‘lmagan bashorat qilindi

Xitoy uchun yoqimli bo‘lmagan bashorat qilindi

Amerikalik iqtisodchi, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Pol Krugmanning aytishicha, Xitoyda yaponcha deflyasiya va yoshlarning yuqori ishsizlik darajasi «turg‘unlik va umidsizlik» davri boshlanganidan dalolat beradi. Uning so‘zlarini The New York Times nashri keltirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir qator tahlilchilar Xitoyda koronavirus cheklovlari olib tashlanganidan keyin keskin iqtisodiy o‘sish bo‘lishini kutishgan, biroq buning o‘rniga mamlakat YaIMdan (taxminiy 5,2 foizga o‘sgan)tashqari deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qolgan.

Iqtisodchi Xitoyning rasmiy statistik ma’lumotlariga tayanib, mamlakatda 1980 yillardagi Yaponiya ssenariysi kabi deflyasiya va yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi yuqori ekanligini ta’kidlaydi. «Bu to‘liq inqiroz emas, hech bo‘lmaganda hali emas, lekin Xitoy turg‘unlik va umidsizlik davriga kirmoqda, deyishga asos bor», deydi Nobel mukofoti laureati.

Krugman bunday vaziyatning sabablari sifatida xususiy tashabbusning sindirilishi, «moliyaviy repressiya» (jamg‘arma uchun past foiz to‘lash va imtiyozli qarz oluvchilarga arzon kreditlar berish), shuningdek, oilalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda tejashga majbur qiladigan zaif ijtimoiy xavfsizlik tarmog‘ini keltirdi.

«Agar sizda 2000 yillarning boshlarida Xitoyda bo‘lgani kabi ish kuchi va unumdorlik tez o‘sishi bo‘lsa, sarmoyaning yuqori sur’atlari samarali bo‘lishi mumkin. Ammo Xitoyning mehnatga layoqatli aholisi 2010 yilda eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi va o‘shandan beri qisqarishda davom etmoqda. Mamlakat ayrim sohalarda ta’sirchan texnologik imkoniyatlarni namoyish etgan bo‘lsada, uning umumiy unumdorligi ham to‘xtab qolgandek ko‘rinadi», — deydi iqtisodchi.

Krugmanning fikricha, Xitoy o‘z daromadlarini ko‘proq uy xo‘jaliklariga o‘tkazishi va investitsiya xarajatlarini kamaytirish uchun ijtimoiy xavfsizlik tarmog‘ini kuchaytirishi kerak.

Avvalroq Xitoy Milliy statistika byurosi mamlakatda o‘lim darajasi rekord darajada bo‘lgani va tug‘ilish darajasi pasayganini ma’lum qilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda aholi soni 2 millionga kamaygan va 1,41 milliard kishiga etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring