Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropada xavfli dovul 16 kishining boshiga yetdi

Yevropada xavfli dovul 16 kishining boshiga yetdi

Foto: Sky News

2 noyabrga o‘tar kechasi Atlantika okeani ustida vujudga kelgan va 3 noyabr, juma kuni G‘arbiy Yevropa davlatlariga yopirilgan “Kiaran” dovuli hozirga qadar kamida 16 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Italiya va Fransiya noqulay ob-havodan eng ko‘p zarar ko‘rdi. Belgiya, Niderlandiya va Ispaniyada ham o‘lim holatlari kuzatildi.

Ayniqsa, Fransiya va Italiyada kuchli vayronagarchilik yuz berdi. Tabiiy ofat oqibatida uch kishi halok bo‘lgan Italiyaning Toskana provinsiyasida favqulodda holat e’lon qilindi. Bir necha soat ichida mintaqada yog‘ingarchilik darajasi 20 santimetrga yetdi – bu tegishli o‘lchovlar boshlanganidan beri maksimal ko‘rsatkich hisoblanadi. Daryolar qirg‘oqlaridan oshib, yaqin atrofdagi aholi punktlarini suv bosdi.

Foto: Sky News

Florensiya, Piza va Prato chekkalarida o‘t o‘chirish xizmati suv bosgan tunnellarda qolib ketgan yoki qulagan daraxtlar tomonidan to‘sib qo‘yilgan avtomobilchilarni qutqarish uchun o‘nlab operatsiyalarni amalga oshirdi. Venetsiyada ikki kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilingan. Rasmiylar vaziyatni “misli ko‘rilmagan” deb atadi va jabrlangan hududlarga bir necha million dollarlik yordam yuborilishini e’lon qildi.

Fransiyada shamolning tezligi kilometriga 210 metrga yetgan, dovul oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, 47 kishi esa jarohatlangan. 3 noyabr kuni ertalab mamlakatda yarim milliondan ortiq uy elektr ta’minotisiz qolgan, ularning yarmi – Bretanida. Ushbu provinsiyada 2 noyabrga o‘tar kechasi shamolning tezligi soatiga 200 kmga yetdi. Parij yaqinida ob-havo sharoiti tufayli shaharlararo poyezdlar harakati to‘xtatilgan.

G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlarida ham yomon ob-havo tufayli insonlar qurbon bo‘ldi. Xususan, Belgiyaning Gent shahrida ko‘chada o‘ynab yurgan besh yoshli ukrainalik bola ustiga daraxt tushib ketgan. Xuddi shu shaharda 64 yoshli Germaniya fuqarosi qulagan daraxt ostida vafot etdi. Niderlandiyaning Venray shahrida ham kamida bir kishi halok bo‘lgani xabar qilingan. Germaniyaning Goslar shahrida 46 yoshli ayol ham ustiga qulagan daraxt tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Foto: Mirror

Ispaniya rasmiylari 3 noyabr kuni Basklar o‘lkasi va Galisiyada eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qildi. Madrid markazida 23 yoshli qiz ustiga daraxt qulashi oqibatida vafot etdi.

“Kiaran” dovuli Bolqon mamlakatlariga ham ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Xorvatiya, Bosniya, Chernogoriya va Sloveniyada kuchli shamol daraxtlarni qulatib, uylarning tomlarini uchirib yuborgan.

Favqulodda ob-havo Fransiya, Irlandiya va Buyuk Britaniyada transport qatnoviga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Natijada chorshanba va payshanba kunlari ko‘plab aviareyslar, poyezd va parom qatnovlari bekor qilingan.

Mutaxassislar yaqin orada Yevropaning Atlantika okeani sohillaridagi mamlakatlarga yana bir kuchli dovul yopirilishi haqida ogohlantirmoqda. Asosan Portugaliya, Ispaniya va Fransiyaga xavf solishi kutilayotgan “Domingos” dovuli paytida shamol tezligi soatiga 150 kilometrga yetishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring