Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tolibon» Qozog‘iston va Rossiyani Transafg‘on temir yo‘l qurilishida ishtirok etishga taklif qildi

«Tolibon» Qozog‘iston va Rossiyani Transafg‘on temir yo‘l qurilishida ishtirok etishga taklif qildi

«Tolibon» Rossiya va Qozog‘istonni Transafg‘on temir yo‘li qurilishida ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi savdo va sanoat vaziri Nuriddin Aziziy ma’lum qildi.

«Biz Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasini ushbu loyihada ishtirok etishga taklif qilamiz. Mening tushunishimcha, bu faqat Afg‘onistonga kiritilgan sarmoya emas, bu temir yo‘l hamma uchun manfaatlidir. Biz davlatlarning ishchi guruhlarini qabul qilishga tayyormiz. Ular bilan birgalikda ushbu loyihani ko‘rib chiqamiz», — dedi u Ostonada Qozog‘iston-Afg‘oniston biznes-forumi chog‘ida.

Uning fikriga ko‘ra, Pokiston, Afg‘oniston, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston Kobulda o‘z vakolatxonasini tashkil etishi kerak. Bu texnik masalalarni imkon qadar tezroq hal qilishga yordam beradi.

Afg‘oniston Pokiston, Hindiston va Yaqin Sharq bozorlariga chiqishda ko‘prik vazifasini o‘taydi. Shunga ko‘ra rasmiy Ostona afg‘on zamini orqali savdo yo‘nalishlarini kengaytirishni ko‘zlamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston hukumatlari Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li borasida kelishuvga erishgan. Ushbu yo‘nalishning barpo etilishi nafaqat uch davlat, balki mintaqaning boshqa mamlakatlari uchun ham manfaatli bo‘lishi kutilmoqda. Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari S.Jumangarin ham transafg‘on temir yo‘l koridori qurilishi tashabbusini ijobiy baholagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring