Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tog‘li Qorabog‘mi yo Qorabog‘? Ozarbayjon mudofaa vazirligi aniqlik kiritdi

Tog‘li Qorabog‘mi yo Qorabog‘? Ozarbayjon mudofaa vazirligi aniqlik kiritdi

Ozarbayjon mudofaa vazirligi Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi. Avvalroq Rossiya mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari uch tomonlama bitimni buzib, Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar qo‘shini nazoratidagi hududga kirgani, keyinroq Moskva so‘rovi bilan hududni tark etganini ma’lum qilgandi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Ozarbayjon uch tomonlama bitimni buzgani haqidagi fikr haqiqatdan yiroq. Qolaversa, mintaqadagi Farrux qishlog‘i Ozarbayjon nazoratida, mamlakat harbiylari ortga chekingani yo‘q.

Ozarbayjon tomoni Rossiya mudofaa vazirligiga «Tog‘li Qorabog‘» deb atalgan ma’muriy-hududiy birlik yo‘qligi, uni xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq «Qorabog‘» deb atash lozimligini ham eslatgan.

Joriy yil 22 fevral kuni «Ozarbayjon Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida» deklaratsiya imzolangan edi.

43 banddan iborat hujjatda ikki davlat munosabatlari mustaqillik, davlat suvereniteti, hududiy yaxlitlik, chegaralar daxlsizligiga hurmat, ichki ishlarga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishga asoslanishi ta’kidlanadi.

Ozarbayjon mudofaa vazirligi bayonotida rasmiy Moskvani mazkur deklaratsiyaga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 sentyabridan 10 noyabriga qadar Qorabog‘da davom etgan 44 kunli urush yakunida Ozarbayjon xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra o‘ziga tegishli bo‘lgan hududlarni qaytarib oldi. 2020 yil 10 noyabr kuni Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish haqida uch tomonlama bitim imzoladi.

Avvalroq rasmiy Boku Yerevanga o‘zaro munosabatlarni izga solishni nazarda tutuvchi besh banddan iborat taklif yo‘llagani haqida xabar bergandik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring