Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘fonlar nomlari qanday belgilanadi?

To‘fonlar nomlari qanday belgilanadi?

Foto: «RIA Novosti»

Ayni paytda «Florence» to‘foni AQShning g‘arbiy sohillariga yaqinlashayapti. Kuchli shamol va yomg‘ir Shimoliy Karolina shtatidagi orollarga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. To‘fon tufayli AQShning beshta shtati va Vashington shahrida favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda «Euronews» xabar bermoqda.

So‘nggi yillarda «Maria», «Katrina», «Harvey», «Irma» va «Jose» to‘fonlari katta talafot keltirgani barchaga ma’lum. Xo‘sh, bu to‘fonlarga nom berishda nimaga asoslaniladi? Odatda, to‘fonlarga ko‘proq nega ayollarning ismi beriladi?

Tabiiy ofatlar, odatda, qayerda yuzaga kelsa, o‘sha joyning nomi bilan ataladi. Lekin bir yilda ikki marta takrorlanadigan to‘fonlarga ayollarning ismini berish Avstraliyada boshlangan. Buni ilk marta XIX asrning so‘nggi yillarida Klement Lindli Ragdj ismli meteorolog qo‘llagan. 

Avstraliya qirollik meteorologiya tashkiloti a’zolaridan bo‘lgan Ragdj to‘fonlarni nomlashda polineziy va yunon mifologiyasidagi ismlardan foydalangan.

1953 yildan Amerikada to‘fonlarni kuzatgan va aholini tabiiy ofatlar haqida ogohlantirgan AQSh Milliy meteorologiya markazi to‘fonlarga nom berishda ayollarning ismidan foydalangan.

1970 yillarda feministlar bunga qarshi chiqishib, to‘fonlarda faqat ayollar emas, balki erkaklarning ham ismidan foydalanish zarurligini bildirishdi.

Shunday qilib 1979 yildan to‘fonlarga nom qo‘yishda erkak va ayollarning ismlari qo‘llanila boshlandi.

To‘fonlar nomlari Butunjahon meteorologiya tashkiloti tomonidan 6 ta ro‘yxat tuzib, kiritilgan. Har yili kuzatiladigan to‘fonlarga tashkilot ro‘yxatidagi nomlar qo‘yiladi. Bu ro‘yxatdagi ismlar olti yilda bir marta almashadi.

Agar bir to‘fon juda katta talofot keltirsa, u to‘fon nomi ro‘yxatdan chiqariladi. Misol uchun, 2005 yili Amerikaning Yangi Orlean shtatida kuzatilgan «Katrina» to‘foni juda katta talofot keltirgani uchun ro‘yxatdan chiqarib tashlangan edi.

AQShda olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ayollarning ismi bilan ataladigan to‘fonlar erkaklarning ismi bilan ataladigan to‘fonlardan ko‘ra ko‘proq talafot keltirar ekan.

Illinoys universitetida olib borilgan tadqiqotlarda 1950 va 2012 yillar mobaynida Amerikada sodir bo‘lgan 94 ta to‘fon hamda ular keltirgan zararlar taqqoslab chiqildi. Unga ko‘ra, ayollar ismi berilgan to‘fonlarda halok bo‘lgan insonlar ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi.

Ammo Atrof-muhitni tadqiq qilish markazi buning tasodif ekanini aytmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring