Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Shushada ikki rakat namoz o‘qish orzum edi...» – Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar Qorabog‘ g‘alabasi haqida

«Shushada ikki rakat namoz o‘qish orzum edi...» – Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar Qorabog‘ g‘alabasi haqida

Aziz Sanjar uch yil avval O‘zbekistonda ham mehmon bo‘lgan.

Foto: «Xabar.uz»

Turkiyalik taniqli olim, kimyo yo‘nalishida Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar Ozarbayjonning Qorabog‘dagi zafarini barcha turkiy xalqlarning g‘alabasi deb atadi. Bokuda o‘tgan matbuot anjumanida so‘zlagan olim Qorabog‘ g‘alabasini turkiy dunyoning Turkiyadagi ozodlik kurashidan keyingi muhim hodisasi o‘laroq baholagan.

Aziz Sanjar Ozarbayjonning madaniy poytaxti sanalgan Shusha shahriga borishni azaldan orzu qilganini ta’kidlagan. 

«Shusha shahri ishg‘oldan ozod etilsa, u yerga borib ikki rakat shukr namozi ado etishga o‘z-o‘zimga so‘z bergandim. Bundan keyin o‘limdan qo‘rqmasam ham bo‘ladi. Allohga shukrki, bu orzum ham ushaldi», – degan Aziz Sanjar.

Ayni choqda, olim Qorabog‘dagi g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmaganini ta’kidlab, bu yo‘lda jonini fido qilgan harbiylarni ehtirom bilan tilga olgan.

Taniqli olim Turkiyaning Ozarbayjondagi elchisi Jahit Bagchi hamrohligida Shushani ziyorat qildi.

«Hurriyat berilmaydi, balki olinadi. Hech bir kuch boshqa davlatning yerini bosib olishga haqli emas», – degan ayni paytda AQShning Shimoliy Karolina universitetida faoliyat yuritayotgan professor.

Taniqli olim, shuningdek, turkiy xalqlarni ilmu fanga ko‘proq sarmoya kiritish, ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirishga undagan. Ana shunda turkiy xalqlarning qo‘li nafaqat harbiy, balki intellektual jabhada ham baland keladi.

«Qurol-aslaha, harbiy texnikani pulga sotib olsa bo‘ladi. Lekin ular safdan chiqsa, bilim va malakasiz aro yo‘lda qolib ketishingiz tayin. Fundamental bilimlarga katta sarmoya kiritish orqali biz chinakam mustaqillikka erishmog‘imiz mumkin», – deb ta’kidlagan Nobel mukofoti sovrindori.

Olimga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi ilmiy faoliyatga kuchli zarba berdi. Talabalar va olimlar laboratoriyalarda ilmiy izlanishlar olib borish imkonidan mahrum bo‘ldi. Kimyo bo‘yicha yetuk olim «COVID-19 xitoyliklar tomonidan atayin yaratilgan» degan taxminni rad etib,  virus tabiiy yo‘l bilan vujudga kelganini qayd etgan.

Aziz Sanjar Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni muntazam kuzatib keladi. U o‘tgan yili Armaniston qurolli kuchlari hujumi oqibatida ota-onasidan ayrilgan ganjalik Xadija Shohnazarovaning tahsili uchun ham moliyaviy ko‘mak ajratgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar Armaniston Qurolli kuchlariga qarshi kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar (shu jumladan, Shusha shahri), 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi. Shu tariqa mamlakat hududiy yaxlitligi tiklandi.

Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar 2018 yil oktyabr oyida O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan. Tashrif davomida turkiyalik olimga O‘zMU faxriy doktori unvoni taqdim etilgan.

Taniqli olim intervyulardan birida O‘zbekistonni «ota yurt Turkistonning qalbi» deb atagan.

«2015 yilda menga kimyo va biokimyo fanlari bo‘yicha Nobel mukofoti berilganida bu nufuzli mukofotni mazkur fanlarga asos solgan al-Beruniy va Ibn Sinolarning avlodi sifatida qabul qilib oldim», – deya yurtimizga ehtirom izhor etgan Aziz Sanjar.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring