Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyalik gubernator hokim Shuhrat G‘aniyevga «shogird tushdi»

Rossiyalik gubernator hokim Shuhrat G‘aniyevga «shogird tushdi»

Kun «qahramon»i – Mixail Ignatev.

Foto: «TASS»

Rossiya tarkibidagi Chuvash Respublikasi rahbari Mixail Ignatev Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev «panjasiga panja urdi». Matbuotchilar bayramiga bag‘ishlangan marosimda nutq irod qilgan arbob hokimiyat faoliyatini tanqid qilayotgan jurnalist va blogerlarning «surobini to‘g‘rilab qo‘yish» lozimligi haqida gapirdi.

Gubernator Ignatev tanqidiy materiallar yozayotgan mualliflar buyurtmaga ishlayotganini iddao qildi. Ayrim jurnalist va blogerlar mehnat jabhasidagi yutuqlar haqida maqtov maqolalar yozmayotganidan yozg‘irgan siyosatdon qalamkashlarni mamlakatda norozilik namoyishlari uyushtirishda ham aybladi.

Chuvash o‘lkasi rahbariga ko‘ra, «suvni loyqalayotgan» jurnalist va blogerlarning «surobini to‘g‘rilab qo‘yish kerak».

Butun boshli respublika rahbari og‘zidan chiqqan ushbu aksildemokratik chaqiriq, tabiiyki, keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Gubernator jurnalist va blogerlarga tahdid qilganidan ko‘p o‘tmay uning matbuot xizmati vaziyatni xaspo‘shlash uchun oshig‘ich bayonot bilan chiqdi (tanish manzara, a, shunday emasmi?).

Chuvash Respublikasi hukumati matbuot xizmati Mixail Ignatev jurnalist va blogerlarning «surobini to‘g‘rilash» haqida gapirganda, ularni jismonan yo‘q qilishni aslo-aslo o‘ylamagani, ular ortida turgan buyurtmachilar kimligini aniqlashni nazarda tutganini bildirdi.

Og‘izpolvon gubernatorning o‘zi-chi, o‘zi ham uzr so‘radimi dersiz? Bir og‘iz uzr bilan osmon uzilib yerga tusharmidi! Mixail Ignatev ham «o‘tinib-o‘tinib» kechirim so‘ramagan bo‘lsa-da, harqalay, uzrxohlik izhor qildi.

Chuvash o‘lkasi rahbarining to‘ralarcha bergan bayonoti «qovun qovundan rang oladi» degan naqlni yodga soladi. Negaki, og‘ziga kuchiga yetmagan hokimlar O‘zbekistonda ham topiladi. Yodingizda bo‘lsa, 2019 yil dekabr oyida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishida Quva rahbaridan gaz va chiroq muammosini yoritgan blogerning janozasi o‘qilishini talab qilgan edi. Gubernator Ignatev bilan o‘xshashlikni qarang, mushtaraklikni ko‘ring!

Avvalroq esa Toshkent shahri hokimi ham jurnalistlarga «shest sekund»da «gey»ga aylantirish mumkinligini eslatib qo‘ygan edi.

Darvoqe, mabodo xabaringiz bo‘lmadimi, ularga biror chora ko‘rildimi?..

Olis Rusiya va serquyosh O‘zbekistondagi hokimto‘ralarning ikki tomchi suvdek o‘xshash xulq-atvorini qanday izohlash mumkin? Talqin turlicha bo‘lishi aniq, ammo, bizningcha, asosiy sabab — hokimi mutlaqlarning bari bir buloqdan suv ichgan, barchasining tuprog‘i bir yerdan olingan va jazo muqarrar emasligiga ularning imoni komil...

Ozod Umid

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring