Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qudratli josuslik xizmati rahbari o‘zgardi. Maxfiy idoraning yangi boshlig‘i haqida nimalar ma’lum?

Qudratli josuslik xizmati rahbari o‘zgardi. Maxfiy idoraning yangi boshlig‘i haqida nimalar ma’lum?

Foto: FCA/PA

Buyuk Britaniya maxfiy razvedka xizmatiga (MI6) yangi rahbar tayinlandi. Hukumat rasmiy saytida berilgan axborotga ko‘ra, 2014-yildan buyon maxfiy idoraga rahbarlik qilib kelgan Aleks Yanger o‘rniga Richard Mur tayinlanmoqda. Yangi boshliq kuzda o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.

Xo‘sh, dunyodagi eng qudratli maxsus xizmatlardan biri deya e’tirof etilgan MI6ning yangi yetakchisi haqida nimalar ma’lum?

Richard Mur – razvedkachi, diplomat. 57 yoshli arbob Liviyada tug‘ilgan. Oksford va Harvard universitetlarida falsafa, siyosatshunoslik va iqtisodiyot yo‘nalishlarida tahsil olgan. Josuslik idorasida 1987 yildan, 24 yoshida ish boshlagan. O‘shandan buyon u razvedkachi hamda diplomat vazifalarini uyg‘un ravishda olib bormoqda. Britaniyaning Turkiya, Pokiston, Vetnam, Malayziyadagi vakolatxonalarida ishlagan. So‘nggi yillarda tashqi ishlar vazirligining siyosiy masalalar boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Oxirgi yillarda ingliz maxfiy razvedka xizmati bor kuch-imkoniyatlarini asosan terrorizmga qarshi kurashga safarbar qildi. Ingliz matbuotiga ko‘ra, josuslik idorasining yangi rahbari sifatida R.Mur oldiga Xitoy va Rossiya tahdidiga qarshi kurashish vazifasi qo‘yilgan. Ayni choqda, unga tashkilotning texnologik imkoniyatlarini takomillashtirish ham yuklangan.

Xabarlarga ko‘ra, maxfiy idora rahbarligiga R.Murdan tashqari bir necha taniqli nomzod ko‘rilgan. Ammo razvedkachi sifatida MI6, diplomat sifatida hukumat faoliyatidan voqif nomzod sifatida R.Mur nomzodi tasdiqlangan.

2014-2017-yillarda qirolicha zoti oliyalarning Turkiyadagi elchisi vazifasida faoliyat yuritgan R.Mur turk tilini mukammal bilishini ham qayd etish joiz. Sir emas, so‘nggi paytlarda Turkiya yirik geosiyosiy kuch sifatida Yaqin va O‘rta Sharqdagi jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, Turkiya bilan do‘stona aloqalarga ega R.Mur rasmiy London va Anqara o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga ham hissa qo‘shishi kutilmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring