Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parlamentmi bu yo bola bog‘cha?

Parlamentmi bu yo bola bog‘cha?

Foto: «BBC»

Keniya poytaxti Nayrobida deputat Zulayho Hasanni ishga besh oylik go‘dagi bilan kelgani uchun parlamentdan chiqarib yuborishdi, deb xabar berdi «BBC Swahili».

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda vaziyat yuz berib, farzandini o‘zi bilan ishga olib borishga majbur bo‘lgan.

Keniya «KBC» telekompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgan parlament yig‘ilishi deputat parlamentning munozara palatasiga qo‘lida go‘dagi bilan kirib kelganda vaqtincha uzilib qolgan.

Spiker o‘rinbosari deputatlar xatti-harakatini nazorat qilishga uringan. Chunki ulardan ayrimlari baqir-chaqir qilgan bo‘lsa, boshqalari bir-birini turtkilay boshlashgan. U Kvala okrugi vakiliga palatani tark etishni buyurgan. Bunga javoban ayol deputatlar Zulayho Hasanni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yig‘ilishni tark etishgan.

Keyincharoq Zulayho Hasan jurnalistlarga parlamentda haligacha oilaviy xona tashkil etilmaganini aytgan. Garchi bunga 2013-yilda ruxsat etilgan bo‘lsa ham.

«Men bola bilan kelmaslikka rosa harakat qildim, lekin bugun favqulodda holat yuz berdi, men nima qilishim kerak edi? Agar parlamentda bog‘cha bo‘lganida edi, men farzandimni u yerda qoldirardim», — deydi ayol.

«Parlamentga ko‘proq ayollarni jalb etayotgan bir paytda bu yerda oila uchun do‘stona muhit tashkillashtirishimiz kerak», — deb qo‘shib qo‘ydi u.

Parlament qoidalariga ko‘ra, «begonalar», jumladan, bolalar binoga kiritilmaydi.

Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar parlamentda go‘daklarning bo‘lishiga ruxsat bergan boshqa mamlakatlarga ishora qilib deputatni maqtashsa, ba’zilar ayolni hammaning diqqatini o‘ziga qaratishga uringanlikda ayblashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring