Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parij xavotirda: «chaqirilmagan mehmonlar» Olimpiada payti ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin

Parij xavotirda: «chaqirilmagan mehmonlar» Olimpiada payti ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin

XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlariga Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qiladi. Nufuzli sport musobaqasi 2024 yil 26 iyul kuni boshlanadi.

Olimpiada o‘yinlarini risoladagidek o‘tkazish uchun tunu kun mehnat qilayotgan Fransiya mas’ullari qarshisida kutilmagan muammo chiqib qoldi. Mamlakatning qator shaharlari, xususan, poytaxt Parijda qandala, kana kabi qonso‘rar hasharotlar keskin ko‘paygani aniqlangan.

Zararkunandalar Olimpiada tashkiliy qo‘mitasining mashaqqatli tayyorgarlik ishlarini yo‘qqa chiqarishi hech gap emas. Shunga ko‘ra, jamoatchilik mas’ullardan hasharotlarga qarshi keskin choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Zararkunandalar Olimpiada o‘yinlari mamlakat nufuziga nufuz qo‘shishiga umid qilayotgan mezbonlarga yaxshigina daxmaza bo‘ladigan ko‘rinadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi vahimali xabarlarga ko‘ra, Parijdagi ayrim kinoteatrlar, hatto jamoat transportida qandala va kana tarqalgan.

Mutaxassislar fikricha, Fransiyada keyingi yillarda zararkunanda hasharotlarning ko‘payishi kuzatilmoqda. Masalan, Parijda so‘nggi besh yilda har o‘n xonadondan bittasida «chaqirilmagan mehmonlar» borligi qayd etilgan. Bu holat nafaqat jismoniy jarohat, ruhiy beqarorliklarni ham keltirib chiqarmoqda.

Global turizm, migratsiya, konteyner orqali yuk tashishning kengaygani, inson salomatligiga ziyoni vajidan hasharotlarga qarshi preparatlarni qo‘llash taqiqlangani kabi omillar ularning ko‘payishiga olib kelgan. Qolaversa, hasharotlar turli kimyoviy preparatlarga chidamli bo‘lib borayotgani aytilmoqda.

CNN xabariga ko‘ra, Fransiya hukumati Olimpiada o‘yinlariga hozirlik doirasida Parijdagi minglab boshpanasizlarni viloyatlarga yubormoqda. Poytaxtdan uzoqdagi shaharlarda vaqtinchalik maskanlar tashkil qilingan. Hukumat shu orqali katta musobaqa payti xavfsizlikni ta’minlash va arzon mehmonxonalarda joy ochishni rejalashtirgan.

Avval xabar berganimizdek, Frigiya (Frakiya) qalpoqlari ko‘rinishidagi bir juft o‘yinchoq Olimpiya o‘yinlarining rasmiy ramzlari sifatida tanlangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring