Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ozarbayjon TIV Armanistonga chaqiriq bilan chiqdi

Ozarbayjon TIV Armanistonga chaqiriq bilan chiqdi

Ozarbayjon tomonidan mintaqada tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga Armaniston ham mushtarak javob qaytarishi kerak. Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov 15 aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvida gapirdi.

Ozarbayjon bosh diplomati mashvarat qatnashchilariga mintaqada urushdan keyingi vaziyat, Boku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirish, ishg‘oldan ozod qilingan hududlardagi qurilish-tiklash ishlari va mina tahdidi haqida batafsil ma’lumot berdi.

J.Bayramov Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash va qariyb 30 yillik okkupatsiyaga chek qo‘yishda ko‘makdosh va xayrixoh bo‘lgan barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Siyosatchi global o‘zgarishlar davrida «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» formatidagi muloqotning ahamiyatiga katta baho berdi.

Eslatib o‘tamiz, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) bu yil Ozarbayjonda o‘tkaziladi. J.Bayramov ushbu yirik tadbirga hozirlik haqida axborot berdi. U Global shimol va Global janub o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ham urg‘uladi.

Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari TIV uchrashuvida faxriy mehmon sifatida qatnashgan Jayhun Bayramovni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda hamkorlikning 10 ta yangi yo‘nalishi bo‘yicha istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring