Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Koronavirus ro‘yxati» kengaymoqda: Braziliya, Meksika, Belarus, Ozarbayjon...

«Koronavirus ro‘yxati» kengaymoqda: Braziliya, Meksika, Belarus, Ozarbayjon...

Foto: «Mirror»

Har kuni koronavirus birinchi marta qayd etilgan mamlakatlar ro‘yxati kengayib boryapti. Bugun, 28 fevral kuni xuddi shunday bemor Belarusda aniqlandi. Bu 22-fevral kuni Boku orqali Minskka uchgan eronlik talaba bo‘lib chiqdi, deb yozmoqda «Newizv.ru»

Eron ham xuddi Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya singari koronavirus tarqalayotgan o‘choqlardan biriga aylandi.

Koronavirusga chalingan eronlik talaba haqida Belarus sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot bergan. O‘z kasalidan bexabar talaba Belarusga bir hafta ilgari uchib kelgan..., demak, juda ko‘p odamlar bilan muloqotda bo‘lgan (samolyotda, jamoat transportida, do‘konlarda, universitet auditoriyasida).

Ta’kidlash kerakki, Belarusda Janubiy Koreya, Italiya va Erondan kelgan barcha fuqarolar 20-fevraldan beri laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilayotgan edi.

«Bemor va u bilan muloqotda bo‘lganlar Minsk yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi yopiq bokslarga joylashtirildi. Uning (eronlik talaba) ahvoli hozir yaxshi», — deyiladi Belarus SSV ma’lumotida. Aytishlaricha talabada virusning RNKsi aniqlangan, kasallik simptomlari esa yo‘q.

Shu xabar chiqqanidan keyin Minsk dorixonalarida niqoblar taqchilligi yuzaga keldi. Provizorlardan biri aytishicha, aslida niqoblar kam keltirilgan (150 ta atrofida), shuni ham odamlar talab ketishgan.

Bugun yuqoridagi eronlik talaba bir qo‘nib o‘tgan Ozarbayjonda ham koronavirus birinchi marta qayd etildi. Bu safar koronavirus tashuvchisi — Erondan kelgan Rossiya fuqarosi.

Kecha Lotin Amerikasining eng yirik mamlakati — Braziliyada koronavirus topilgandi. Bugun esa mintaqaning yana bir ulkan mamlakati Meksikadagi bir bemorga «COVID-19» tashxisi qo‘yildi. Afrikaning eng aholisi ko‘p mamlakati Nigeriyaga koronavirus yetib borgani haqida ham bugun xabar bergandik.

Jahonda «COVID-19» bilan kasallanganlar umumiy soni oshishda davom etmoqda va 83 265 nafarga yetdi — shundan 78 824 nafari Xitoyga to‘g‘ri keladi. Virus tarqashni boshlaganidan beri bir jiddiy o‘zgarish kuzatildi: birinchi marta bir kunda virusni yuqtirishlar soni Xitoydagidan ko‘ra xorijda yuqori bo‘ldi. Bugun koronavirus Xitoyda 327 kishida aniqlangan bo‘lsa, 46 mamlakatda 910 nafarni tashkil etgan.

Xitoydan tashqarida eng ko‘p koronavirusni yuqtirish holati Janubiy Koreya (1 766 nafar), Yaponiya (891 nafar, ularning aksariyati Yokogamaga karantinga yuborilgan «Diamond Princess» kemasi yo‘lovchilari, ya’ni xorijliklar), Italiya (650 nafar) va Eron (245 nafar) to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, qator mamlakatlarda o‘nlab, bir necha o‘nlab koronavirus bemorlari aniqlangan: Singapur, Gonkong, SShA, Kuvayt, Tailand, Fransiya, Bahrayn, Tayvan, Avstraliya, Malayziya, Germaniya, Vetnam, Buyuk Britaniya, BAA, Kanada va Ispaniya.

Rossiyaning Qozon shahridagi kasalxonalardan biriga esa uch nafar bemor yotqizilgan — ularning barchasi «Diamond Princess» kemasi yo‘lovchilari bo‘lib, karantin payti kasallikni yuqtirib olishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring