Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Klintondan Baydenga qadar. AQSh prezidentlarini ham chuv tushirgan ayol ustidan sud boshlandi

Klintondan Baydenga qadar. AQSh prezidentlarini ham chuv tushirgan ayol ustidan sud boshlandi

Jo Bayden ham o‘z vaqtida Elizabet Holmsning g‘oyalariga xayrixohlik bildirgan

Foto: Getty Images

Atigi bir necha yil AQShda eng yosh milliarder ayol deb e’tirof etilgan, dunyoni o‘zgartirishga qodir g‘oya muallifi deb ulug‘langan, mashhur siyosatdonu san’atkorlarni o‘z ortidan ergashtirgan Elizabet Holms bugunga kelib shunchaki firibgar ekani fosh bo‘ldi.

Elizabet Holms bamisoli amerikacha orzuning jonli timsoli edi. Vashingtonda o‘rtahol oilada tug‘ilgan qiz maktabni tugatgach, nufuzli Stenford universitetiga o‘qishga kiradi. Ammo 19 yoshida o‘qishni tashlab ketadi. 2003 yilda «Theranos» (terapiya va diagnostika so‘zlaridan yasalgan) nomli kompaniyaga asos soladi. Ukoldan yurak oldirib qo‘ygan Elizabet insonning bir tomchi qonidan yuzlab xastaliklarga tashxis qo‘yish mumkin bo‘lgan uskuna yaratish g‘oyasini ilgari suradi. Shu tariqa u insoniyatni ukol olish azobidan butkul xalos etish da’vosi bilan chiqadi. Dastlabki paytlardayoq Stenford universiteti professorlari bu qarashni g‘ayriilmiy deya rad etadilar. Shunga qaramay, Elizabet tibbiyotda inqilob qilish ahdidan qaytmaydi. Ommaviy axborot vositalari va targ‘ibot usullaridan unumli foydalangan ayol qisqa muddatda nufuzli sarmoyadorlarni o‘z g‘oyasiga ishontirishga muvaffaq bo‘ladi. Taniqli mediamagnat Rupert Myordok, sobiq prezident Bill Klinton unga ishonch bildiradi. Kompaniyaning direktorlar kengashiga AQShning ikki sobiq davlat kotibi – Jordj Shuls va Henri Kissinjer hamda bo‘lajak mudofaa vaziri general Jeyms Mettis a’zo bo‘lib kiradi. AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ham o‘z vaqtida mazkur qarashlarga xayrixohlik bildirgani ma’lum.

E.Holmsning balandparvoz va’dalariga mahliyo bo‘lgan «Walgreens», «Safeway» kabi shirkatlar u bilan bitim tuzadi.  Ma’lumotlarga qaraganda, Holms xonim yirik shirkatlarni ishontirish uchun «biz yaratgan uskuna allaqachon AQSh armiyasida foydalanilmoqda» deb yolg‘on gapirgan. Shu tariqa «Theranos» kompaniyasining kapital bahosi 9 milliard dollarga yetadi. Elizabet Holms esa o‘zi pul ishlab topgan eng yosh milliarder ayol deb e’tirof etiladi. 4,5 milliard dollarga ega ishbilarmonning surati «Forbes», «Fortune», «Time» kabi nufuzli jurnal muqovalarida chop etiladi.

Nafaqat AQSh, balki dunyo tarixidagi eng yirik firibgarlikni «The Wall Street Journal» nashri muxbiri Jon Karreyra fosh qiladi. Holms xonimning loyihasiga avval-boshdanoq shubha bilan qaragan jurnalist bir necha yil davomida «Theranos» kompaniyasi faoliyatini taftish etadi va uddaburon ishbilarmon deb e’tirof etilayotgan ayol aslida uchiga chiqqan qallob ekanini fosh etadi. Bir tomchi qon orqali yuzlab xastaliklarni aniqlovchi qurilma aslida yo‘q ekani isbotlanadi.

«Walgreens» shirkati va AQSh qimmatli qog‘ozlar komissiyasi «Theranos» kompaniyasini sudga beradi. Holms «Walgreens» shirkatiga 30 mln dollar,  qimmatli qog‘ozlar komissiyasiga esa 500 ming dollar to‘lab, ishni sudgacha hal qilishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo u baribir jinoiy ta’qibdan qochib qutula olmaydi. 2018 yili Kaliforniya shtati Shimoliy okrug prokuraturasi Elizabet Holms hamda uning eri,  «Theranos» kompaniyasi direktori Ramesh Balvani ustidan firibgarlik jinoyati bo‘yicha ish ochadi.

O‘tgan fursat davomida mahkama jarayoni dastlab pandemiya sabab, so‘ngra Holmsning homiladorligi sabab bir necha bor ortga surildi. O‘tgan hafta esa Kaliforniya sudi AQSh jamoatchiligi e’tiboridagi jinoiy ishni ko‘ra boshladi.

37 yoshli E.Holms va uning sherigi R.Balvani firibgarlik, sarmoyadorlar, shifokorlar va mijozlarni aldashda ayblanmoqda. Sudlanuvchilarga 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, E.Holms sudda firibgarlikka uni sobiq eri R.Balvani jismoniy va ruhiy tazyiq orqali majburlagani haqida ko‘rsatma bermoqchi. Mahkama jarayoni bir necha oyga cho‘zilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring